O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
SOLIQ TO‘LOVCHILAR IXTIYORIY TUGATILGANDA SOLIQLAR BO‘YICHA XULOSA BERISH HUQUQIGA EGA BO‘LGAN SOLIQ MASLAHATCHILARI TASHKILOTLARI HAMDA AUDITORLIK TASHKILOTLARI RO‘YXATINI YURITISH VA SOLIQ TO‘LOVCHILAR IXTIYORIY TUGATILGANDA SOLIQLARGA DOIR XULOSALARNI BERISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Soliq maslahati sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020 yil 30 sentyabrdagi PQ-4846-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Soliq to‘lovchilar ixtiyoriy tugatilganda soliqlar bo‘yicha xulosa berish huquqiga ega bo‘lgan soliq maslahatchilari tashkilotlari hamda auditorlik tashkilotlari ro‘yxatini yuritish va soliq to‘lovchilar ixtiyoriy tugatilganda soliqlarga doir xulosalarni berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
soliq to‘lovchilar ixtiyoriy tugatilganda soliqlar bo‘yicha xulosa berish huquqiga ega bo‘lgan soliq maslahatchilari tashkilotlarining hamda auditorlik tashkilotlarining ro‘yxatini shakllantirish tartibi;
O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi tomonidan soliq maslahatchilari tashkilotlarining hamda auditorlik tashkilotlarining ro‘yxatini e’lon qilib borish tartibi;
soliqlarga doir xulosa berish orqali ixtiyoriy tugatilishi mumkin bo‘lgan soliq to‘lovchilarni aniqlash tartibi;
soliq maslahatchilari tashkilotlari hamda auditorlik tashkilotlari tomonidan soliq maslahati bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish va soliq to‘lovchi ixtiyoriy tugatilganda soliqlarga doir xulosani berish va e’tirof etish tartibi;
soliq to‘lovchining soliq hisobotlaridagi ma’lumotlarda aniqlangan tafovutlarni bartaraf etish tartibi;
tanlov asosida soliq organlari tomonidan soliq maslahatchilari tashkilotlarining yoki auditorlik tashkilotlarining soliqlarga doir berilgan xulosalarini tekshirish tartibi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi va O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasi bilan birgalikda mazkur qaror ijrosi bo‘yicha huquqni qo‘llash amaliyotini puxta o‘rganib, soliq to‘lovchilar ixtiyoriy tugatilganda soliqlarga doir xulosalarni berish jarayoniga soliq maslahatchilari tashkilotlarini yanada kengroq jalb etish bo‘yicha 2022 yil 1 dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 avgustdagi 704-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik sub’ektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 3-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
«3. Qonunchilik hujjatlarida ayrim tijorat tashkilotlarini tugatishning hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini to‘xtatishning ushbu Nizomda nazarda tutilmagan boshqacha xususiyatlari belgilanishi mumkin».
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.D. Kudbiev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining
Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,