Toshkent, Tarasa Shevchenko 8. info@pnk.uz

Imtihon reglamenti, yangi nashri (09.12.2024 yildan)

«O‘zbekiston Soliq maslahatchilari
2024 yil 9 dekabrdagi 3-sonli
Bayonnomasi bilan
Tasdiqlangan

2025 yil 20 fevral 2-sonli Bayonnomada

kiritilgan o‘zgarishlar va
19.03.2026y. 6-sonli buyruq qo‘shimchasi bilan

Soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olish
uchun malaka imtihonini o‘tkazish
REGLAMENTI
(yangi nashrda)

Mazkur Reglament O‘zbekiston Respublikasining «Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq soliq maslahatchisining malaka sertifikatini berish uchun malaka imtihonini o‘tkazish tartib-taomillarini belgilaydi.

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Talabgor malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi ariza bilan Soliq maslahatchilari palatasiga (keyingi o‘rinlarda – Palata) murojaat qilishga haqli.

Malaka imtihoni Palata tomonidan o‘tkaziladi. Palata test sinovlarini o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan yuridik shaxslarni shartnoma asosida jalb etishi mumkin.

Malaka sertifikatini olishga doir malaka imtihonida ishtirok etish uchun talabgor tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining (keyingi o‘rinlarda — BHM) 2 baravari miqdoriga teng hamda imtihon o‘tkazishga sarflangan xarajatlarni qoplash uchun BHMning 1 baravari miqdoriga teng bo‘lgan, jami bo‘lib BHMning 3 (uch) baravari miqdoriga teng bo‘lgan imtihon uchun yig‘im to‘lanadi.

2. Mazkur Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

talabgor – malaka sertifikatini olishga talabgor bo‘lgan va belgilangan tartibda xujjatlar taqdim etgan jismoniy shaxs;

malaka imtihoni – talabgorning soliq maslahati bo‘yicha bilim darajasi sertifikatini olish talablariga mos kelishini tekshirishga yo‘naltirilgan, test sinovi shaklida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkaziladigan imtihon;

Imtihonga kirishga ruxsat berilgan talabgorlarning umumiy ro‘yxati – imtihonga qatnashish uchun talabgorlardan shakllanadigan ro‘yxat. Ushbu ro‘yxat https://forms.gle/bR8Qnnjw1vMwuZg98 xavolaga talab etilgan hujjatlarni elektron tarzda to‘liq yuborgan talabgorlardan shakllanadi.

Soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olish uchun dastlabki malaka imtihoniga qabul qilingan talabgorlarning ro‘yxati – kuni oldindan tayin qilingan imtihonda qatnashadigan talabgorlarning ro‘yxati. Ushbu ro‘yxat dastlabki imtihonda qatnashish uchun https://docs.google.com/forms/d/e/1FAIpQLSerr18O-GZ6IBOLYwACymKdvglNosZ44dS6UJdO-VL4U0lRdQ/viewform?usp=sf_link xavolaga ariza yuborgan va imtihon uchun yig‘im to‘lagan talabgorlardan shakllantiriladi. Ushbu talabgorlar Imtihonga kirishga ruxsat berilgan talabgorlarning umumiy ro‘yxatiga oldin kiritilgan bo‘lishi lozim.

3. Talabgor bir vaqtning o‘zida quyidagi talablarga javob beradigan shaxs bo‘lishi kerak:

• oliy ma’lumotga ega;

• belgilangan tartibda soliq maslahatchilarini tayyorlash bo‘yicha kursni o‘tagan;

• kamida besh yil ish stajiga, shu jumladan iqtisodiy yoki yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yil ish stajiga ega.

• «Soliqlar va soliq solish» mutaxassisligi bo‘yicha oliy ta’lim muassasasini tamomlagan talabgorlar mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yil ish stajiga ega bo‘lgan taqdirda malaka imtihonini topshirishga qo‘yiladi.

4. Soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olishga talabgor hujjatlarni quyidagi ikki bosqichda taqdim etadi:

• birinchi bosqichda Imtihonga kirishga ruxsat berilgan talabgorlarning umumiy ro‘yxatiga kiritilish uchun hujjatlar;

• ikkinchi bosqichda Soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olish uchun dastlabki malaka imtihoniga qabul qilingan talabgorlarning ro‘yxatiga kiritish uchun hujjatlar.

5. Birinchi bosqichda soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olishga talabgor Imtihonga kirishga ruxsat berilgan talabgorlarning umumiy ro‘yxatiga kiritilishi uchun quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda “Umumiy ro‘yxatga kiritish to‘g‘risida ariza”ni (1-sonli ilova) taqdim etadi:

a) to‘ldirilgan ma’lumotnoma (2-sonli ilova); 

b) oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom yoki vakolatli davlat organining xorijiy ta’lim muassasasida olingan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning ekvivalentligini e’tirof etish to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxalari; 

v) Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnomada (O‘zR AV ro‘yxat raqami 402, 29.01.1998y.) belgilangan tartibda yuritilgan mehnat daftarchasi (ish joyida tasdiqlangan nusxasi, asl nusxasi qaytariladi) yoki Xodimning elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma (Nizom, O‘zR VMning 5.12.2019 yildagi 971-son qaroriga ilova). Chet ellik fuqarolar stajini notarial tasdiqlashi lozim;

g) 3 x 4 o‘lchamidagi elektron fotosurat (so‘nggi 12 oy mobaynida olingan);

d) O‘zbekiston Respublikasida belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim muassasasida soliq maslahatchilarini tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslarini o‘taganligi to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi.

Bunda o‘quv kurslarini o‘taganligi to‘g‘risidagi hujjatning haqiqiy deb topilishi quyidagi shartlar bilan belgilanadi:

• o‘qitgan ta’lim muassasasi Palata tomonidan belgilangan o‘qitish shartlari va talablariga javob berishi;

• ta’lim muassasasi Palata tomonidan akkreditatsiya qilingan va Palata rasmiy veb–sayti ruyxatida joylashtirilgan;

• o‘qitgan ta’lim muassasasi o‘qitish davri uchun o‘qish jarayonini monitoring qilish bo‘yicha Palata bilan shartnoma tuzgan bo‘lishi;

• o‘qish tugagan sanadan boshlab imtihonga kirish uchun ariza topshirilgan sanaga qadar uch yildan ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lishi;

ye) pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjat nusxasi. 

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasi hududida yashash guvohnomasiga egaligini tasdiqlovchi hujjat yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma taqdim qiladi.

Ko‘rsatilgan hujjatlarning skaner qilingan nusxasi https://forms.gle/bR8Qnnjw1vMwuZg98xavolaga yuboriladi, asl nusxasi imtihon kunidan kechiktirmasdan Palataga taqdim etiladi.

Respublika viloyatlarida yashaydigan talabgorlarga hujjatlarning asl nusxasini imtihon kunida talabgorni imtihonga kiritishdan oldin ro‘yxatga olish vaqtida Imtihon komissiyasiga taqdim etish ruxsat etiladi.

Hujjatlarni to‘liq va to‘g‘ri tartibda topshirgan talabgorlar Imtihonga kirishga ruxsat berilgan talabgorlarning umumiy ro‘yxatiga kiritiladi.

Imtihonga kiritilgan, lekin topshirilgan hujjatlar asl nusxasining belgilangan tartibda topshirilmaganligi yoki qalbakiligi aniqlangan taqdirda, imtihon natijalari bekor qilinadi, bunda to‘langan imtihon uchun yig‘im qaytarilmaydi.

6. Ikkinchi bosqichda soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olishga talabgor Soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olish uchun dastlabki malaka imtihoniga qabul qilingan talabgorlarning ro‘yxatiga kiritilishi uchun quyidagi hujjatlarni taqdim qiladi:

• soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olishga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish to‘g‘risida ariza nusxasi (3-sonli ilova);

• imtihon uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi bankning to‘lov hujjati nusxasi.

Yuqoridagi hujjatlarni elektron tarzda https://docs.google.com/forms/d/e/1FAIpQLSerr18O-GZ6IBOLYwACymKdvglNosZ44dS6UJdO-VL4U0lRdQ/viewform?usp=sf_link xavolaga yuborgan talabgorlardan Dastlabki imtihonga kiritilgan talabgorlar ro‘yxati shakllantiriladi.

Dastlabki imtihoniga kelmagan talabgorlarga to‘langan imtihon uchun yig‘im qaytarilmaydi.

Agar ariza beruvchi keyingi imtihonga kelmagan bo'lsa, unda to'langan imtihon to'lovi qaytarilmaydi.

2-bob. Imtihon komissiyasi

7. Malaka imtihonining o‘tkazilishini nazorat qilish va uning natijalarini baholash uchun kamida uch kishidan iborat, shu jumladan komissiya raisi bilan birga Imtihon komissiyasi tuziladi.

8. Imtihon komissiyasining tarkibi Palata buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

9. Imtihon o‘tkazish sanasi dastlabki malaka imtihoniga qabul qilingan talabgorlarga imtihon o‘tkazishdan besh kun oldin ma’lum qilinadi.

10. Soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olish uchun dastlabki malaka imtihoniga qabul qilingan talabgorlarning ro‘yxati Imtihon komissiyasiga malaka imtihoni boshlanishidan oldin mazkur Reglamentga 4-ilovaga muvofiq shaklda taqdim etiladi.

11. Imtihon komissiyasi imtihon testlariga ruxsatsiz yoki tasodifan kirishning oldini oladi, testlarni yo‘q qilish, o‘zgartirish, blokirovka qilish, ulardan nusxa ko‘chirish, tarqatishdan himoya qilish uchun zarur tashkiliy va texnik chora-tadbirlar bajarilishini ta’minlaydi.

12. Imtihonni topshirib bo‘lgan talabgorning testlarni yechishda ushbu Reglamentning 19-bandida ko‘rsatilgan talablarni buzganligi aniqlanganda yoki noqonuniy yo‘l bilan natijalarga erishganiga shubha qilinganda ushbu talabgorning imtihon natijalari bekor qilinishi yuzasidan Imtihon komissiyasining dalolatnomasi tuziladi. Bunda talabgor arizasiga ko‘ra talabgor uchun qayta imtihon tashkillashtirilishi yuzasidan Imtihon komissiyasi qaror qabul qilishi mumkin.

3-bob. Malaka imtihonini o‘tkazish

13. Malaka imtihoni real vaqt rejimida, test sinovi usulida, kompyuterdan foydalangan holda o‘tkaziladi.

14. Malaka imtihoni o‘tkaziladigan auditoriyalar videokuzatuv uskunalari bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini ta’minlash maqsadida malaka imtihonini o‘tkazish jarayoni uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi.

15. Talabgorlarni auditoriyaga kiritish talabgorning pasporti yoki uning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat taqdim etilganda amalga oshiriladi.

Talabgor pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni taqdim qilmaganda malaka imtihoniga qo‘yilmaydi va malaka imtihoniga kelmagan hisoblanadi.

16. Talabgorga malaka imtihonini topshirish uchun alohida ishchi stol va kompyuter texnikasi taqdim etiladi.

17. Malaka imtihoni o‘tkazilayotgan paytda auditoriyada faqat talabgorlar, Imtihon komissiyasi a’zolari va kompyuter texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi va nazorat qiluvchi mutaxassis bo‘lishi mumkin.

18. Imtihon komissiyasi a’zolariga talabgorlarga test topshiriqlarining mazmuni to‘g‘risida ma’lumot berish va auditoriyani uzrli sababsiz tark etish taqiqlanadi.

19. Malaka imtihoni o‘tkazilayotgan paytda quyidagilar qat’iyan taqiqlanadi:

• imtihon test savollari nusxasini to‘liq yoki qisman ko‘paytirish va (yoki) tarqatish (shu jumladan shpargalkadan foydalanish);

• malaka imtihoni o‘tkazilayotgan paytda qonunchilik hujjatlari, yo‘riqnoma materiallari, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan, uyali telefondan yoki boshqa axborot texnologiya vositalaridan (shu jumladan kalkulyator sifatida) foydalanish;

• boshqa talabgorlar bilan muloqot qilish;

• malaka imtihoni tugagunga qadar uzrli sababsiz auditoriyadan chiqib ketish;

• auditoriyadan uzrli sabab bilan 5 minutdan ortiq chiqib ketish;

• auditoriyadan uzrli sabab bilan 2 martadan ortiq chiqib ketish.

Ushbu talablarni buzgan talabgor malaka imtihonidan chetlatiladi.

Talabgorning ushbu talablarni buzganligi imtihon tugagandan keyin aniqlangan hollarda xam uning imtihon natijalari bekor qilinadi.

Malaka imtihonidan chetlatilgan talabgorga nisbatan yoki imtihon natijalari bekor qilinganda Imtihon komissiyasining dalolatnomasi tuziladi.

20. Talabgorning barcha shaxsiy narsalari, shu jumladan mobil telefon yoki boshqa axborot texnologiyalari vositalari (o‘chirilgan holatda) maxsus ajratilgan joyda saqlanadi.

21. Talabgorga o‘zi bilan birga ichimlik suvi, dori va malaka imtihonini topshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa vositalar (ko‘zoynak, linzalar) shaffof idishda bo‘lishiga ruxsat etiladi.

22. Malaka imtihonini o‘tkazish bilan bog‘liq savollar paydo bo‘lganda, talabgor qo‘lini ko‘tarib, Imtihon komissiyasi a’zosiga (nazoratchiga) murojaat qiladi va u yaqinlashgandan so‘ng boshqa talabgorlarning e’tiborini chalg‘itmagan holda savolini beradi.

4-bob. Talabgorni kompyuter testlaridan o‘tkazish

23. Kompyuter testlaridan o‘tkazish boshlanishidan oldin imtihon komissiyasi:

• talabgorlarni malaka imtihonini o‘tkazish reglamenti va real vaqt rejimida kompyuter testlaridan o‘tish bo‘yicha ko‘rsatma bilan tanishtiradi;

• talabgorlarga kompyuter testlaridan o‘tish uchun maxsus dasturiy tizimga yakka tartibda kirish imkoniyatini beradi.

Talabgor malaka imtihoni, kompyuter testlaridan o‘tish reglamenti bilan tanishganini tasdiqlash uchun ushbu Reglamentning 5-ilovasiga muvofiq shakldagi ro‘yxatga imzo chekadi va imtihonga kiritiladi.

24. Kompyuter testlari boshlanishi e’lon qilingandan va talabgor “Imtihon ishtirokchisi blankasi”da (6-sonli ilova) ko‘rsatilgan shaxsiy login va parolini kompyuter tizimiga kiritgan paytdan boshlab, imtihon topshiriqlariga kirish ochiladi va kompyuter sinovlari uchun ajratilgan vaqt boshlanadi.

25. Kompyuter testlari talabgor tomonidan mustaqil ravishda davlat yoki rus tillarida topshiriladi (ixtiyoriy).

26. Talabgorga kompyuter testlaridan o‘tish uchun 4 soat (240 daqiqa) vaqt beriladi.

27. Har bir talabgorga imtihon testlari to‘plami bazasidan tasodifiy tanlash orqali real vaqt rejimida avtomatik tarzda shakllanadigan yakka tartibdagi testlar jamlanmasi tushadi.

28. Yakka tartibdagi imtihon testlari to‘plami quyidagi bo‘limlar bo‘yicha 80 ta savoldan (test) iborat bo‘ladi, jumladan:

• Yuridik va jismoniy shaxslarni soliqqa tortish, Eksport-import operatsiyalari, shu jumladan valyuta va bojxona nazorati – 30;

• Soliq huquqi, soliq ma’muriyatchiligidagi alohida masalalar, Transfer narxni belgilashda soliq nazorati va Nazorat kilinadigan chet el kompaniyalarining foydasiga solik solish, Soliq maslahatining huquqiy asoslari – 20;

• Moliyaviy xisobotning xalkaro standartlari asoslari, Iqtisodiy tahlil, solik maslaxatchilari uchun moliyaviy menedjment, Takkoslash: BXMS - MXXS - Uzb. Res. Solik kodeksi, Buxgalteriya xisob va hisoboti(BHMS dasturi bo‘yicha o‘qigan talabgorlar uchun - Buxgalteriya hisobining milliy standartlari, Takkoslash: BXMS - MXXS - Uzb. Res. Solik kodeksi, Buxgalteriya xisob va hisoboti)) — 15;

• Iqtisodiy munosabatlarning huquqiy tartibga solinishi, Sud tizimi, nizolarni hal qilish – 15.

Test topshiriqlarining har bir savoliga kirib tanishish uchun kompyuter tizimi talabgor uchun ochiq bo‘ladi. Test topshiriqlari savollariga javob berish ketma-ketligi talabgor tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Barcha test topshiriqlariga javob berish uchun ajratilgan vaqt davomida talabgorga javoblari belgilanmagan test topshiriqlariga qaytishga ruxsat beriladi.

29. Test topshiriqlariga talabgorning kirish imkoniyati test topshirig‘ining oxirgi savoliga javob berilgandan so‘ng barcha test topshirig‘ining savollari bo‘yicha javob uchun ajratilgan vaqt yakunlanganda avtomatik tarzda cheklanadi.

30. Talabgor test topshiriqlarining barchasiga javob berishi shart. Bunda javobsiz qoldirilgan savol noto‘g‘ri berilgan javob sifatida e’tirof etiladi.

31. Test topshiriqlariga javob berib bo‘lgandan so‘ng yoki kompyuter test sinovlariga ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng talabgor qo‘lini ko‘taradi, uning oldiga Komissiya a’zosi kelgandan so‘ng, talabgor imtihon natijalarini “Imtihon ishtirokchisi blankasi”ga (6-sonli ilova) kiritadi va unga imzo chekadi.

32. Kompyuter test sinovini tugatgan talabgor auditoriyani tark etishi shart.

5-bob. Malaka imtihoni natijalarini rasmiylashtirish

33. Kompyuter test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng kompyuter test sinovlari natijalari chop etiladi va Imtihon komissiyasiga taqdim etiladi.

34. Malaka imtihonining natijalari u o‘tkazilgan kuni umumiy Bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.

35. Imtihon komissiyasi bayonnomasi uning barcha a’zolari tomonidan imzolanadi va tasdiqlash uchun Palataga taqdim etiladi. Keyinchalik bayonnomalar 2 yil saqlanadi.

36. Talabgor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan deb hisoblanishi uchun kamida quyidagi miqdordagi savollarga to‘g‘ri javob bergan bo‘lishi lozim:

• Yuridik va jismoniy shaxslarni soliqqa tortish, Eksport-import operatsiyalari, shu jumladan valyuta va bojxona nazorati – 20;

• Soliq huquqi, soliq ma’muriyatchiligidagi alohida masalalar, Transfer narxni belgilashda soliq nazorati va Nazorat kilinadigan chet el kompaniyalarining foydasiga solik solish, Soliq maslahatining huquqiy asoslari – 12;

• Moliyaviy xisobotning xalkaro standartlari asoslari, Iqtisodiy tahlil, solik maslaxatchilari uchun moliyaviy menedjment, Takkoslash: BXMS - MXXS - Uzb. Res. Solik kodeksi, Buxgalteriya xisob va hisoboti(BHMS dasturi bo‘yicha o‘qigan talabgorlar uchun - Buxgalteriya hisobining milliy standartlari, Takkoslash: BXMS - MXXS - Uzb. Res. Solik kodeksi, Buxgalteriya xisob va hisoboti)) — 9;

• Iqtisodiy munosabatlarning huquqiy tartibga solinishi, Sud tizimi, nizolarni hal qilish – 9.

37. To‘langan imtihon uchun yig‘im malaka imtihonini topshirgan yoki topshira olmagan talabgorlarga qaytarilmaydi.

38. Malaka imtihoniga kelmagan talabgorlarga to‘langan imtihon uchun yig‘im qaytarilmaydi

39. Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorlarga «Soliq maslahatchisi malaka sertifikatini berish, uning amal qilishini tugatish va uni bekor qilish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomda belgilangan tartibda soliq maslahatchisi sertifikati beriladi.

40. Imtihon komissiyasi bayonnomasi rasmiylashtirilgandan keyin ushbu Reglamentning 19-bandida belgilangan talablar buzilganligi aniqlangan taqdirda, imtihon natijalari bekor qilinadi.

41. Agar sertifikat berilgandan keyin ariza beruvchi ushbu Qoidalarning 5-bandida ko‘rsatilgan taqdim etilgan hujjatlarni soxtaligi aniqlanganda sertifikatni amal qilinishi tugatiladi.

6-bob. Apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish

(2025 yil 20 fevral 2-sonli Bayonnomasi o‘zgarishlar kiritilgan)

42. Malaka imtihoni natijalari bo‘yicha ularga nisbatan salbiy qaror qabul qilingan talabgorlar malaka imtihoni o‘tkazilgan kunidan boshlab 3 kalendar kuni ichida Palataga apellyatsiya arizasini kiritish huquqiga ega. Apellyatsiya arizasi yozma shaklda taqdim etiladi.

43. Ariza faqat quyidagi hollarda beriladi:

a) agar imtihon modullaridagi testlarga yoki topshiriqlarga javoblar noto‘g‘ri bo‘lsa yoki to‘g‘ri javoblar bo‘lmasa;

b) va agar berilgan noto‘g‘ri javoblar yoki to‘g‘ri javoblarning yo‘qligi malaka imtihoni natijasining salbiy qaroriga ta’sir qilgan bo‘lsa.

44. Ariza yozma ravishda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 3 baravari miqdoriga teng bo‘lgan miqdorid "Apellyatsiya arizasini ko‘rib chiqish uchun yig‘im" to‘langanligini tasdiqlovchi kvitansiya bilan birga topshirilishi kerak.

45. Palataning buyrug‘i bilan tuzilgan apellyatsiya komissiyasi taqdim etilgan arizani 10 kun ichida ko‘rib chiqadi va apellyatsiya natijalariga ko‘ra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

 a) ushbu Qoidalarning 43-bandida ko‘rsatilgan sabablar yo‘qligi, arizani o‘z vaqtida taqdim etmaslik, apellyatsiya arizasini ko‘rib chiqish uchun yig‘im to‘lanmaganligi sababli ko‘rib chiqishni rad etish;
b) Imtixon komissiyasi qarorini o‘zgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani rad yetish. Bunda rad etish uchun asoslar quyidagilar bo‘lishi mumkin: ushbu Reglamentning 43-bandida ko‘rsatilgan sabablar malaka imtihonining ijobiy natijasiga ta’sir qilmagani.
Bunda “Apellyatsiya arizasini ko‘rib chiqish uchun to‘langan yig‘im” talabgorga qaytarilmaydi;
v) imtihon Komissiyasining qarorini bekor qilish va malaka imtihonini qayta topshirish sanasini belgilash.
46. Malaka imtihonini qayta topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda Palata malaka imtihonini topshirmagan deb topilgan talabgor uchun apellyatsiya imtihon kunini belgilaydi. Apellyatsiya imtihon kompyuterdan foydalangan holda yoki qog‘ozda chop etilgan shaklda o‘tkaziladi.
47. Apellyatsiya imtihonini qayta topshirish natijalari bo‘yicha imtihonni topshirgan deb hisoblangan talabgorga malaka sertifikati umumiy asoslarda beriladi. Qayta apellyatsiyaga yo‘l qo‘yilmaydi.
48. Mazkur Reglamentning 12-bandida ko‘rsatilgan holatda Apellyatsiya imtihon ushbu moddada keltirilgan tartibda o‘tkaziladi.

7-bob. Qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish

49. Soliq maslahatchilarini tayyorlash o‘quv dasturiga o‘zgartirishlar kiritilgan yoki imtihon o‘tkazish tartibi takomillashtirilgan taqdirda mazkur Reglamentga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritiladi.