Toshkent, Tarasa Shevchenko 8. info@pnk.uz

Ekspert kengashi to‘g‘risida Nizom

«O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasi» NNT
Boshqaruvining 2024 yil 15 martdagi
1-sonli qarori bilan

tasdiqlangan

 

SOLIQ MASLAHATCHILARI PALATASI NNT HUZURIDAGI
EKSPERT KENGASHI TO‘G‘RISIDAGI
 NIZOM

1-BOB. UMUMIY QOIDALAR

1. Mazmur Nizom «O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasi» NNT huzuridagi Ekspert kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kengash) faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibini belgilaydi.

2. Kengash «O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasi» NNTning (keyingi o‘rinlarda – Palata) doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hay’at organi hisoblanib, u o‘z ishini jamoatchilik asosida yuritadi. Kengash faoliyatiga tegishli alohida loyihalar bo‘yicha Palata, idoralar hamda moliyaviy institutlar tomonidan ajratilgan grantlar to‘lovi nazarda tutilishi mumkin.

3. Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va qonunosti hujjatlariga amal qiladi.

4. Kengash o‘z faoliyatini Palata raisi tomonidan tasdiqlanadigan ish rejasiga asosan yuritadi.

5. Kengash tarkibini Palata raisi tasdiqlaydi. Kengash tarkibi doimiy amal qiluvchi a’zolar va hay’at a’zolaridan iborat.

6. Kengash tarkibi soliq maslahatchilari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari hamda yurisprudensiya sohasi mutaxassislaridan shakllantiriladi.

7. O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining mutaxassislari ushbu idoralar taklif qilgan nomzodlar asosida Kengash tarkibiga kiritiladi.

2-BOB. KENGAShNING ASOSIY VAZIFALARI VA FUNKSIYALARI

8. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

- soliq to‘lovchilar va nazorat qiluvchi organlar o‘rtasida muntazam ravishda yuzaga keladigan soliq nizolarini ko‘rib chiqish va ular yuzasidan xulosa berish;

- soliqqa oid qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni ekspert sifatida baholash;

- soliqqa oid qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

9. Kengash tomonidan quyidagi soliq nizolari ko‘rib chiqilmaydi:

- soliq to‘lovchilar bilan davlat soliq xizmati organlari va huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha tartibga solish doirasidagi;

- qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar doirasidagi;

- davlat soliq xizmati organlari va huquqni muhofaza qilish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakati yoki harakatsizligi ustidan soliq to‘lovchi shikoyat bilan sudga murojaat qilgan nizolar bo‘yicha;

- sud va huquqni muhofaza qilish organlari murojaatlari bo‘yicha soliq nizolari.


3-BOB. KENGASH HUQUQLARI VA JAVOBGARLIGI

10. Kengash quyidagi huquqlarga ega:

- vaqtinchalik ishchi guruhlarni tashkil qilish va Kengash a’zolari hamda boshqa mutaxassislarni ularda ishlashga jalb qilish;

- soliqqa oid qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarni tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va (yoki) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasiga yo‘llash;

- soliq to‘lovchilar va nazorat qiluvchi organlar o‘rtasida muntazam ravishda yuzaga keladigan soliq nizolarini ko‘rib chiqish va ular yuzasidan xulosa chiqarish;

- soliqqa oid qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni ekspert sifatida baholash;

- soliq solish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda qatnashish va ular bo‘yicha takliflar taqdim qilish.

4-BOB. KENGASH FAOLIYATINING TASHKILLASHTIRILISHI

11. Kengash rahbari Kengash raisi hisoblanib, uning vakolatiga quyidagilar kiradi:

- Kengash yig‘ilishi kun tartibini belgilash va yig‘ilishni chaqirish;

- Kengash tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhlar faoliyatini nazorat qilish;

- Kengash a’zolari tomonidan zimmalariga yuklatilgan vazifalar ijro etilishi yuzasidan ular faoliyatini muvofiqlashtirish;

- Kengash a’zolarining shaxsiy tarkibini o‘zgartirish yuzasidan takliflar kiritish;

- Kengashning samarali ishini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

12. Kengash a’zolari:

- Kengash yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladigan masalalarning muhokamasi va hal etilishida ishtirok etadilar;

- malakali va ob’ektiv baholashni faqat qonun hujjatlari me’yorlariga asoslangan holda amalga oshiradilar;

- Kengash tomonidan ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan xulosalar chiqaradilar;

- Kengash ishida ishtirok etish jarayonida ega bo‘lingan axborot maxfiyligiga amal qiladilar;

- Kengash ishida qatnashish jarayonida yuzaga kelayotgan «manfaatlar to‘qnashuvi»ga oid vaziyatlar haqida Kengash raisini xabardor qiladilar;

- ko‘rib chiqilayotgan masalalar sifati va ob’ektivligi uchun axloqiy va ma’naviy javobgar bo‘ladilar;

- Kengash faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsion harakatlarni amalga oshirmaydilar.

Kengash a’zolari tomonidan ko‘rib chiqish tartib-taomillarining doimiy ravishda buzilishi, ularning o‘z funksiyalarini bajarmasligi, bilimsizlikka yo‘l qo‘yishi va manfaatlar to‘qnashuvidan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi holatlari yuz berganda ular Kengash a’zoligidan chiqariladi.

14. Kengash a’zolari yig‘ilish vaqti, joyi va kun tartibi haqida yig‘ilish o‘tkazilishidan kamida uch kun oldin xabardor qilinadi. Kengash yig‘ilishi onlayn rejimda o‘tkazilishi mumkin.

15. Kengash yig‘ilishini Kengash raisi o‘tkazadi. Kengash raisi hozir bo‘lmagan taqdirda yig‘ilish uning o‘rinbosari tomonidan o‘tkaziladi.

16. Kengash yig‘ilishiga davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, shu jumladan oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot, loyiha-qidiruv tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislari taklif qilinishi mumkin.

5-BOB. KENGASHNING ISHCHI ORGANI VA KOTIBI

17. Kengashning ishchi organi (keyingi o‘rinlarda – Ishchi organ) – Palata, Kengashning kotibi esa Palata yoki Kengash raisi tayinlagan shaxs hisoblanadi.

18. Ishchi organ:

- Kengash faoliyatining tashkiliy-texnik ta’minotini amalga oshiradi;

- ishchi reja loyihasini tayyorlaydi hamda tasdiqlangan ishchi rejaning bajarilishi monitoringini olib boradi;

- Kengash yig‘ilishi uchun zarur bo‘lgan materiallarni tayyorlaydi hamda manfaatdor tashkilotlardan zarur materiallar va ekspert xulosalarini oladi;

- Kengash yig‘ilishi kun tartibiga oid masalalar yuzasidan tahliliy materiallarning tayyorlanishini tashkillashtiradi;

- kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqadi.

19. Kengash Kotibi:

- Kengash yig‘ilishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi, Ishchi organ tomonidan Kengash yig‘ilishi uchun materiallar tayyorlanishini tashkillashtiradi;

- Kengash raisi bilan yig‘ilish o‘tkaziladigan muddat va joyni hamda taklif etilayotganlar ro‘yxatini kelishadi, Kengash a’zolari bilan taklif etilgan shaxslarni kengash o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy haqida xabardor qiladi;

- kun tartibidagi masalalar yuzasidan Kengash yig‘ilishlari o‘tkazilishini tashkillashtiradi, Kengash yig‘ilishi bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Kengash a’zolari va manfaatdor tashkilotlarga tarqatilishini ta’minlaydi;

- Kengash qarorlari bajarilishi monitoringini yuritadi va uning yakunlarini ko‘rib chiqish uchun Kengash yig‘ilishining kun tartibiga kiritadi.

6-BOB. MASALALARNI KIRITISH VA MUHOKAMA QILISH TARTIBI

20. Soliqqa oid qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar Palata raisi tomonidan tasdiqlangan ishchi rejaga asosan ishlab chiqiladi.

21. Soliqqa oid qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni ekspertlik jihatidan baholash Me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish bo‘yicha yagona elektron tizim (project.gov.uz) bo‘yicha kelib tushgan loyihalar hamda vazirliklar va idoralarning murojaatlari asosida amalga oshiriladi.

22. Doimiy ravishda yuzaga keladigan soliq nizolari Palata raisi tomonidan tasdiqlangan ishchi reja asosida ko‘rib chiqiladi.

23. Kengash Kotibi kun tartibini tayyorlaydi, uni Kengash Raisida tasdiqlatadi hamda u tasdiqlangan kundan boshlab 5 kundan kechiktirmay Kengash a’zolariga hamda manfaatdor shaxslarga (ular taklif etilgan bo‘lsa) yo‘llaydi.

24. Kengash yig‘ilishi kun tartibi tasdiqlanganidan keyin kamida 15 kun o‘tib o‘tkazilishi mumkin.

25. Kengash yig‘ilishi Kengash raisi tomonidan chaqiriladi. Kengash yig‘ilishi unda Kengash tarkibining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lgandagina (qatnashganda) o‘tkaziladi va uning qarorlari qabul qilingan deb hisoblanadi.

Alohida ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qaror qabul qilishda Kengash raisi Kengash a’zolarining 100 foiz hozir bo‘lishi (qatnashishi) tartibini o‘rnatishi mumkin.

26. Kengash raisi yig‘ilishni o‘tkazadi, bayonnomani tasdiqlaydi va Kengash qarorlari bajarilishini nazorat qiladi. Kengash raisi hozir bo‘lmagan taqdirda yig‘ilishni uning o‘rinbosari o‘tkazadi.

27. Kengash kotibi ko‘rib chiqilayotgan masalalarga oid materiallar bilan Kengashni ta’minlaydi, yig‘ilish bayonnomasi va hujjatlar aylanishini yuritadi, qarorlar bajarilishini nazorat qiladi hamda ular bajarilishi haqida Kengash raisini navbatdagi yig‘ilishlarda xabardor qiladi.

28. Kengash ishini tashkillashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni Palata ko‘taradi.

29. Alohida holatlarda, jalb qilingan ekspertlarning qo‘shimcha mehnatiga haq to‘lash, Kengash yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rib, uni o‘tkazish va taqdim etilgan materiallar ekspertizasiga oid boshqa xarajatlarni masalani Kengash ko‘rib chiqishi uchun kiritgan tashkilot ko‘taradi.

7-BOB. KENGASH TOMONIDAN QARORLAR QABUL QILINISHI VA QARORLAR IJROSI TA’MINOTI

30. Kengash qarori Kengash yig‘ilishida ishtirok etuvchi oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lganda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Kengashning har bir a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar yuzasidan o‘z fikrini yozma ravishda bildirishga haqli.

Alohida ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qaror qabul qilishda Kengash raisi tomonidan Kengash a’zolarining 100 foiz roziligi bo‘lishi tartibi o‘rnatilishi mumkin.

31. Kengash qarori Kengash kotibi tomonidan tuziladi, yig‘ilishda qatnashgan Kengash a’zolari tomonidan imzolanadi va Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.

32. Kengash qarorlari tavsiya tusiga ega. Palata manfaatdor tashkilotlarga Kengash raisi va Kengash kotibi tasdiqlagan bayonnomadan ko‘chirma yo‘llashi mumkin.

33. Kengash qarorlari ustidan Kengash qarori olingan paytdan boshlab o‘n kun ichida Palata Raisi nomiga ariza berish orqali belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

34. Qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida Kengash raisi Kengashning alohida masalalari bo‘yicha uning a’zolari bilan kelishilgan qarorni so‘rov yo‘li bilan tasdiqlashi mumkin.

35. Kengash bayonnomasining asl nusxasi Ishchi organda saqlanadi.

8-BOB. YAKUNIY QOIDALAR

36. Kengash faoliyatining tugatilishi Palata qaroriga asosan amalga oshiriladi.

37. Mazkur Nizomning qo‘llanilishi bilan bog‘liq yuzaga keladigan nizolar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

38. Mazkur Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.