O‘zbekiston soliq maslahatchilarning 2026 yil 17 oktyabrdagi umumiy Forumi tomonidan qabul qilindi,
O‘zbekiston soliq maslahatchilar Palatasi boshqaruvining 2026 yil 26 oktyabrdagi
2 – sonli Bayonnomasi bilan
TASDIQLANDI
SOLIQ MASLAHATChILARINING
KASB ETIKASI QOIDALARI
1. Ushbu Qoidalar soliq maslahati xizmatlari sifatini oshirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda professional mas’uliyat standartlarini belgilash maqsadida ishlab chiqilgan. Mazkur qoidalar barcha soliq maslahatchilari va soliq maslahatchilari tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda – soliq maslahatchisi) uchun kasbiy xulq-atvorning asosiy yo‘nalishi va standarti bo‘lib xizmat qiladi.
2. Soliq maslahatchisi o‘z faoliyatida amaldagi qonunchilik normalariga qat’iy rioya etadi hamda mijozning huquq va qonuniy manfaatlarini faqat qonuniy manbalar va vositalar orqali himoya qiladi. Ushbu Qoidalar va soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solinmagan masalalar bo‘yicha jamiyatda umume’tirof etilgan axloq va odob normalari qo‘llaniladi.
3. Soliq maslahatchisining faoliyati mustaqillik, xolislik, halollik, maxfiylik, mas’uliyat va shaffoflik tamoyillariga asoslanadi.
4. Soliq maslahatchisi professional va xolis pozitsiyada turishi hamda mijozning shaxsiy xohish-istaklari, xizmat uchun to‘lanadigan haq miqdori, kelajakdagi hamkorlik istiqbollari yoki shaxsiy munosabatlar ta’siri ostida o‘z professional xulosalarini shakllantirmasligi yoki o‘zgartirmasligi kerak.
5. Manfaatlar to‘qnashuvi yoki uning kelib chiqish xavfi aniqlanganda, soliq maslahatchisi bu haqda mijozni qisqa muddatda xabardor qiladi va ushbu xavfni bartaraf etish choralarini ko‘radi yoki xizmat ko‘rsatishdan voz kechadi.
6. Soliq maslahatchisi manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni o‘z ish yurituvida (elektron yoki qog‘oz shaklda) qayd etib borishga hamda ushbu holatlar bo‘yicha kasbiy mustaqilligiga putur yetkazmaydigan qarorlar qabul qilishga haqli.
7. Soliq maslahatchisiga quyidagi harakatlardan tiyilish tavsiya etiladi:
mijoz yoki uning rahbariyati bilan birgalikda moliyaviy aktivlarga egalik qilish, ularga qarz berish yoki ulardan qarz olish, kafil sifatida chiqish;
shartnomada nazarda tutilmagan qo‘shimcha mukofotlar, asossiz chegirmalar yoki alohida imtiyozlarni qabul qilish (odatdagi mehmondo‘stlik tadbirlari bundan mustasno);
qonunchilikda belgilangan yaqin qarindoshlari mijoz tashkilotida qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan yoki mas’ul rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan hollarda xolislik yo‘qolishi xavfi yuqori bo‘lsa, xizmat ko‘rsatish.
8. Malaka sertifikati berilgunga qadar oxirgi uch yil mobaynida davlat soliq yoki soliq sohasini tartibga solish va nazorat qilish vakolatiga ega bo‘lgan boshqa organlarda ishlagan soliq maslahatchisi malaka sertifikati berilgan kundan boshlab uch yil davomida ushbu organlardagi xizmat vakolatlari doirasida shaxsan ko‘rib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilingan yoki boshqa ma’muriy harakatlar amalga oshirilgan mijoz bilan soliq maslahati xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzishga haqli emas.
9. Soliq maslahatchisi har yili kamida 30 akademik soatdan o‘qib, o‘z bilimini muntazam oshirib borishi shart. O‘z vakolati doirasidan tashqariga chiquvchi murakkab masalalar bo‘yicha tegishli mutaxassislarni jalb etishi lozim.
10. Soliq maslahatchisi o‘z vazifasini bajarayotganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy va moliyaviy xavflarni sinchkovlik bilan baholashi hamda o‘z vaqtida bu haqda mijozni yozma ravishda xabardor qilishi kerak.
11. Soliq maslahatchisining xulosalari faqat tasdiqlangan va aniq dalillarga tayangan bo‘lishi kerak. Oldindan belgilangan natijani yoki xulosani talab qiladigan, shuningdek, ishonchsiz manbalarga asoslangan topshiriqlarni qabul qilish taqiqlanadi.
12. Soliq maslahatchisi zamonaviy axborot texnologiyalari va dasturiy vositalar, shu jumladan sun’iy intellekt tizimlari yordamida tayyorlangan hujjatlarning to‘g‘riligi va asoslanganligini tekshirib ko‘rishi shart. Muhim xulosalarni shakllantirishda avtomatlashtirilgan tizimlardan foydalanilganligi to‘g‘risida mijozni xabardor qilish tavsiya etiladi.
13. Ma’lumotlar himoyasini yetarli darajada ta’minlamasdan va oldindan mijozning roziligini olmasdan turib, unga tegishli bo‘lgan maxfiy ma’lumotlarni sun’iy intellekt tizimlariga, sun’iy neyron tarmoqlariga va boshqa (ochiq) ommaviy tashqi axborot servislariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Soliq maslahatchisi mijoz tomonidan unga berilgan elektron raqamli imzo (ERI) kalitlari va boshqa kirish vositalarining saqlanishi va maxfiyligini ta’minlaydi.
14. Soliq maslahatchisi o‘z ishining sifati hamda uning rahbarligi ostidagi xodimlar tomonidan bajarilgan vazifalarning qonuniyligi uchun kasbiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.
15. Soliq maslahatchisiga o‘z faoliyatini ommalashtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali sud nizolari bo‘yicha muvaffaqiyatli natijalar to‘g‘risida, hisoblangan soliqlar yoki qo‘llanilgan moliyaviy sanksiyalar miqdorlari kamaytirilganligi, shuningdek boshqa soliq maslahatchilaridan kasbiy ustunlikka ega ekanligi haqida tasavvur hosil qiluvchi ma’lumotlarni e’lon qilish taqiqlanadi.
16. Mijoz hujjatlarni qaytarishni talab qilgan taqdirda ularni ushlab turishga, mijozga uning faoliyati sohasiga taalluqli bo‘lmagan xizmatlarni majburan yuklashga, mijozga nisbatan har qanday kamsituvchi harakatlarni (irqi, jinsi, yoshi va bo‘yicha) sodir etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
17. Soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzishda mijozni xizmatlar uchun to‘lovni hisoblash tartibi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajat manbalari to‘g‘risida tushunarli va maqbul shaklda xabardor qilish yoki ularni shartnomaning o‘zida ko‘rsatish maqsadga muvofiq.
18. Soliq maslahatchisi soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzishda mijozning talabiga ko‘ra malaka sertifikatini (tashkilot rahbarining malaka sertifikatini) taqdim etishi shart.
19. Soliq maslahatchisi o‘z faoliyati bilan soliq tizimiga nisbatan jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga, qonun ustuvorligini ta’minlashga hamda soliq munosabatlarida halol va mas’uliyatli yondashuvni qaror toptirishga ko‘maklashishi lozim.
20. Soliq maslahatchisi o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirish jarayonida foydalanilgan asosiy faktlar va manbalar hamda kasbiy mulohazalarining asoslarini o‘z vaqtida hujjatlashtirib boradi. Bajarilgan topshiriq bo‘yicha ishchi hujjatlar, keyinchalik yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal etishda foydalaniladigan dalillar bazasini ta’minlash maqsadida, mijozning soliq majburiyatlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan da’vo muddati davomida elektron yoki qog‘oz shaklida saqlanishi lozim.
21. Xizmat ko‘rsatish jarayonida olingan barcha ma’lumotlar maxfiy hisoblanadi va mijozning roziligisiz uchinchi shaxslarga oshkor etilmaydi.
22. Soliq maslahati bo‘yicha hisobotda, soliq maslahati natijalari bo‘yicha xulosada mavjud bo‘lgan axborotga, shuningdek soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish jarayonida olingan boshqa maxfiy axborotga nisbatan maxfiylikka rioya etish to‘g‘risidagi talablar xizmatlar ko‘rsatish yakunlangandan keyin, shuningdek shartnoma bekor qilingan yoki tugatilgandan keyin ham saqlanib qoladi.
23. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar xolis va aniq manbalarga asoslangan bo‘lishi kerak. Soliq maslahatchisining shaxsiy mulohazalari rasmiy ekspert xulosasi sifatida talqin qilinmasligi kerak.
24. Huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida:
soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash yoki hujjatlarni soxtalashtirishga qaratilgan harakatlar uchun sharoit yaratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
qonunchilik talablari buzilishi faktlari aniqlanganda, ushbu faktlar mijozga uning huquqiy oqibatlari bilan tushuntirilgan holda soliq maslahatchisining tegishli xulosasi yoki hisobotida aks ettiriladi.
25. Shartnoma mijoz tomonidan bekor qilinganda yoki nizolarni hal etish usuli o‘zgarganda soliq maslahatchisi amalda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun shartnomada belgilangan tartibda haq olish huquqiga ega. Soliq maslahatchisi mijozning mustaqil qarorlariga aralashmaydi va maxfiylikka rioya qiladi.
26. Bilvosita va qasddan noto‘g‘ri huquqiy sharh berish yohud muayyan sohada vakolatga ega bo‘lmagan organlarning hujjatlariga tayangan holda tavsiya berish kasbiy kamchilik sifatida baholanishi mumkin.
27.Quyidagi holatlar soliq maslahatchisining kasbiy kamchiligi yoki qoidabuzarligi sifatida baholanmaydi va javobgarlikka sabab bo‘lmaydi:
• qonunchilik normalarini sharhlashda soliq maslahatchisi va mijoz o‘rtasida turli qarashlar yoki yondashuvlarning mavjudligi;
soliq maslahatchisining ko‘rsatmalari mavjud bo‘lishiga qaramay, mijoz tomonidan soliq organining qarori ustidan sudga shikoyat berilmasligi yoki nizolashishdan voz kechilishi;
• mijozning soliq maslahatchisi tomonidan berilgan tavsiya va maslahatlarga rioya qilmasdan o‘z ixtiyoriga ko‘ra harakat qilishi;
• salbiy oqibatlar (jarimalar, moliyaviy sanksiyalar) yuzaga kelguniga qadar yo‘l qo‘yilgan texnik yoki hisob-kitobdagi xatoliklarni soliq maslahatchisi tomonidan mustaqil ravishda tuzatish.
28. Hamkasblar bilan munosabat o‘zaro hurmat va kasbiy hamjihatlikka asoslanadi. Hamkasblarni asossiz tanqid qilish va mijozning erkin tanloviga to‘sqinlik qilish taqiqlanadi. Nizoli masalalar muzokaralar yo‘li bilan hal etiladi.
29. Davlat organlari bilan munosabatlar xolislik, mustaqillik va o‘zaro hurmat tamoyillari asosida olib boriladi. Soliq maslahatchisi mijozning qonuniy manfaatlarini himoya qilish jarayonida huquq normalari doirasida ish yuritadi hamda davlat organlari mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy talablari yoki xatti-harakatlariga nisbatan soliq ma’muriyatchiligining qonuniy bajarilishiga qasddan to‘sqinlik qilmagan holda asoslantirilgan e’tiroz bildirish huquqiga ega.
30. Soliq maslahatchisi O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasi (keyingi o‘rinlarda – Palata) bilan munosabatlarda Palata Ustaviga rioya etadi, sohani rivojlantirish tashabbuslarida faol ishtirok etadi hamda yagona kasbiy yondashuvni shakllantirishga ko‘maklashadi.
31. Soliq maslahatchisiga soliq sohasi va professional hamjamiyatni rivojlantirishga oid ijtimoiy-kasbiy masalalarni ijobiy hal etishda, hamkasblarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda, shuningdek, yuzaga keladigan muammoli vaziyatlarni konstruktiv muloqot orqali bartaraf etishda faol ishtirok etish tavsiya etiladi.
32. Ushbu Qoidalar soliq maslahatchilarining kasb etikasi me’yorlarini belgilaydi. Palata ushbu Qoidalarga nisbatan nazorat qiluvchi yoki intizomiy organ hisoblanmaydi. Palata mazkur Qoidalarni buzgan soliq maslahatchilariga nisbatan ma’muriy yoki intizomiy jazo choralarini qo‘llamaydi (O‘zbekiston Respublikasining «Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risida»gi O‘RQ-787-son Qonuni va Palata Ustavida bevosita nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno).
33. Ushbu Qoidalarning buzilishi bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablarining buzilishi deb e’tirof etilgan hollarda, aybdor shaxs O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
34. Soliq maslahatchisi bilan uning mijozlari yoxud uchinchi shaxslar o‘rtasida kasb etikasi me’yorlariga, maxfiylik talablariga, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga rioya etish yoki manfaatlar to‘qnashuvi masalalari bo‘yicha yuzaga keladigan nizolar va e’tirozlar taraflar tomonidan quyidagi tartibda hal etiladi:
• bevosita sudgacha muzokaralar yo‘li bilan;
• kelishuvga erishilmagan taqdirda – O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq sud tartibida.
35. Soliq maslahatchisi mijoz va davlat oldidagi o‘z majburiyatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq mustaqil ravishda va to‘liq hajmda o‘ziga tegishli mol-mulk, o‘zi a’zo bo‘lgan soliq maslahatchilari tashkilotining mol-mulki yoki fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish polisi bo‘yicha sug‘urta tovoni hisobiga javobgar bo‘ladi.

