SOLIQ MASLAHATI
SOLIQ MILLIY STANDARTI
(5-SONLI SMMS)
SOLIQ MASLAHATCHILARI ISHINING
SIFATINI ICHKI NAZORAT QILISHNI
TASHKIL ETIShGA QO‘YILADIGAN
TALABLAR
Mazkur Soliq maslahati milliy standarti (5-sonli SMMS) (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasida soliq maslahati bo‘yicha faoliyatni normativ tartibga solishning elementi hisoblanadi.
1-BOB. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Standartning maqsadi soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorat qilishni tashkil etishga qo‘yiladigan talablarni belgilash hisoblanadi.
2. Mazkur Standart talablari barcha soliq maslahatchilari tashkilotlari tomonidan qo‘llanilishi majburiydir.
2-BOB. SOLIQ MASLAHATCHILARI ISHINING
SIFATINI ICHKI NAZORATI
3. Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorati deganda qonunchilik hujjatlariga muvofiq soliq maslahati bo‘yicha xizmatlarni sifatli ko‘rsatilishini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar kompleksi tushuniladi.
4. Soliq maslahatchilari tashkiloti o‘z xususiyatlarini inobatga olgan holda soliq maslahatchilari ishining sifatini nazorati ichki tartibini belgilashga, shuningdek sifat nazoratini tegishli ravishda tashkil qilish uchun zarur bo‘lgan ichki nizom, yo‘riqnoma va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlashga haqli.
5. Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorati soliq maslahatchilari tashkilotining rahbari tomonidan amalga oshiriladi.
6. Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorati tizimi quyidagilarni o‘z uchiga olishi shart:
- tashkilotni o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarish uchun bilimga, mahoratga va malakaga ega bo‘lgan soliq maslahatchilari bilan jamlanganligi;
- murakkab bo‘lgan vazifalarni kasbiy malakasi ushbu vazifalar xususiyatlariga muvofiq bo‘lgan soliq maslahatchilariga topshirish;
- soliq maslahati bo‘yicha xizmat ko‘rsatish jarayonida ishlarni zarur sifat talablariga javob beradigan yo‘naltiruvchi ko‘rsatmalar asosida bajarish;
- soliq maslahatchilarning aniq holatlarda bilimi yetarli bo‘lmaganda, soliq maslahatchilari tashkiloti ichida ham, uning tashqarisida ham tegishli maslahatlar olish;
- o‘zlariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun soliq maslahatchilariga nisbatan tegishli choralar ko‘rish.
3-BOB. SOLIQ MASLAHATCHILARI ISHINING
SIFATINI ICHKI NAZORAT QILISHNI
TASHKIL ETISH
7. Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorati quyidagi nazorat turlarini o‘z ichiga oladi:
- dastlabki;
- joriy;
- yakuniy.
8. Dastlabki ichki nazorat soliq maslahati bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish uchun umumiy reja, sarflanadigan vaqt hisob-kitobini tayyorlashda amalga oshiriladi.
9. Joriy ichki nazorat rahbariy ko‘rsatmalar va bajarilgan ishni tekshirish elementlarini o‘z ichiga oladi.
10. Yakuniy ichki nazorat har bir soliq maslahatchisi ishi natijasini tekshirishdan iborat.
11. Zarurat bo‘lganda, soliq maslahatchilari tashkiloti rahbari ishchi hujjatlarda tekshirilayotgan shaxsga o‘z bahosini, e’tirozini, sharhini yoki tavsiyasini beradi.
4-BOB. SOLIQ MASLAHATCHISI YORDAMCHISINING
ISHINI NAZORAT QILISH
12. Soliq maslahatchilari tashkiloti rahbari soliq maslahatchisining yordamchisi tomonidan bajarilayotgan ishni doimiy ravishda nazorat qilishi va yo‘naltirib borishi kerak.
13. Ish topshirilayotgan soliq maslahatchisining yordamchisi bajarishi lozim bo‘lgan ishi uchun javobgarligi to‘g‘risida yo‘l-yo‘riq olishi kerak.
5-BOB. YAKUNIY QOIDALAR
14. Har bir soliq maslahatchisi soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazoratini tashkil qilish bilan tanishgan bo‘lishi shart.
15. Soliq maslahatchisi ishni sifatsiz bajarganligi, tijorat sirini oshkor etganligi natijasida yetkazilgan ziyon va soliq maslahatchilari tashkiloti zarar ko‘rishiga olib kelgan boshqa xatti-harakatlari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq soliq maslahatchilari tashkiloti oldida javobgar bo‘ladi.

