O‘zbekiston Respublikasi
Adliya vazirligida
2013 yil 18 noyabrda 2526-son
bilan ro‘yxatga olingan
O‘zbekiston Respublikasi
moliya vazirining
2013 yil 14 oktyabrdagi
95-son buyrug‘iga
ILOVA
SOLIQ MASLAHATI MILLIY STANDARTI
(4-SONLI SMMS)
SOLIQQA OID NIZONI SUDGACHA HAL QILISH
DAVOMIDA VA SUDDA MIJOZNING (ISHONCH
BILDIRUVCHINING) MANFAATLARINI
KO‘ZLAB VAKILLIK QILISH
Ushbu Soliq maslahati milliy standarti (4-sonli SMMS) (bundan keyingi o‘rinlarda standart deb yuritiladi) soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish davomida va sudda mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ko‘zlab vakillik qilish tartibini belgilaydi.
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur standart talablari barcha soliq maslahatchilari tashkilotlari tomonidan qo‘llanilishi majburiydir. Mazkur standart bilan tartibga solinmagan munosabatlar qonunchilik hujjatlari, shuningdek taraflar o‘rtasida tuziladigan shartnomalar bilan tartibga solinadi.
2. Mazkur standart quyidagilarga tatbiq etilmaydi:
bir martalik (biryo‘la) xizmat ko‘rsatish shartnomalari bo‘yicha soliq maslahatchilari tashkiloti tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarga;
soliq maslahatchilarining jinoiy ishni ko‘rib chiqish vaqtida ishtirok etishiga.
3. Soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish davomida va sudda mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ko‘zlab vakillik qilishga soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar shartnoma asosida ko‘rsatiladi.
4. Xizmatlar ko‘rsatishda soliq maslahatchilari tashkiloti mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ko‘zlab o‘z ixtiyoriga ko‘ra harakat qiladi, bundan mazkur standartga yoxud tuzilgan shartnomaga muvofiq harakatlarni mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan kelishish talab etiladigan hollar mustasno.
II BOB. SOLIQQA OID NIZONI SUDGACHA HAL QILISH
DAVOMIDA MIJOZNING (ISHONCH BILDIRUVCHINING)
MANFAATLARINI KO‘ZLAB VAKILLIK QILISH UCHUN
SOLIQ MASLAHATI BO‘YICHA XIZMATLAR
5. Soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish davomida mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ko‘zlab vakillik qilish uchun soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
soliq tekshiruvi materiallari, ularni ko‘rib chiqish tartibi, shuningdek soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat soliq xizmati organi qarorining qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini tahlil qilish;
davlat soliq xizmati organining qarori ustidan shikoyat qilish uchun huquqiy nuqtai nazarni ishlab chiqish;
mijozning (ishonch bildiruvchining) nuqtai nazarini tasdiqlovchi hujjatlarni yig‘ish;
davlat soliq xizmati organining qarori ustidan yuqori davlat soliq xizmati organiga shikoyat tayyorlash va berish;
davlat soliq xizmati organining qarori ustidan shikoyat ko‘rib chiqilayotganda yuqori davlat soliq xizmati organlarida mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ko‘zlab vakillik qilish.
6. Mazkur standartga muvofiq xizmatlar ko‘rsatadigan soliq maslahatchilari tashkiloti mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliqqa oid nizo bo‘yicha barcha vaziyatlar va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni tushuntiradi.
7. Soliq maslahatchilari tashkiloti soliqqa oid nizo bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini va ko‘zda tutilayotgan xatti-harakatlarni mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan kelishadi.
8. Soliq maslahatchilari tashkiloti soliqqa oid nizoni hal etish bo‘yicha ishtirok etish uchun mijozning (ishonch bildiruvchining) vakolatli vakillarini, shuningdek mijozning (ishonch bildiruvchining) roziligi bilan uchinchi shaxslarni jalb etishga haqli.
III BOB. SUDDA MIJOZNING (ISHHONCH BILDIRUVCHINING)
MANFAATLARINI KO‘ZLAB VAKILLIK QILISHDA SOLIQ
MASLAHATI BO‘YICHA XIZMATLAR
9. Agar soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish davomida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnomada sudda mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ko‘zlab vakillik qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutilgan bo‘lsa, davlat soliq xizmati organining qarori ustidan yuqori davlat soliq xizmati organiga berilgan shikoyat qanoatlantirmay qoldirilgan taqdirda, alohida shartnoma tuzish talab qilinmaydi.
Bunda soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish davomida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma, shuningdek standartning mazkur bobida belgilangan talablarga ham javob berishi kerak.
10. Sudda mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ko‘zlab vakillik qilishda soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- soliq tekshiruvi materiallari, ularni ko‘rib chiqish tartibi, shuningdek soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat soliq xizmati organi qarorining qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini tahlil qilish;
- shikoyat qilish uchun huquqiy nuqtai nazarni ishlab chiqish va davlat soliq xizmati organining qarori ustidan sudga shikoyat qilish;
- mijozning (ishonch bildiruvchining) nuqtai nazarini tasdiqlovchi hujjatlarni yig‘ish;
- qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat soliq xizmati organining qarori ustidan sudga da’vo kiritish va sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish;
- sudda mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ko‘zlab vakillik qilish
11. Agar bir shartnomada soliqqa oid nizoni sudgacha hal etish vaqtida va sudda mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ko‘zlab vakillik qilishga xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutilgan bo‘lsa va yuqori davlat soliq xizmati organiga berilgan shikoyat qanoatlantirmay qoldirilgan taqdirda, qo‘shimcha tahlil, huquqiy nuqtai nazarni ishlab chiqish va hujjatlar yig‘ish talab etilmaydi. Biroq shartnomada oldin tayyorlangan hujjatlarga aniqliklar va qo‘shimchalar kiritilishi zarurligi nazarda tutilishi mumkin.
12. Sudda mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ko‘zlab vakillik qilish amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq berilgan ishonchnoma asosida amalga oshiriladi.
13. Mazkur standartga muvofiq xizmatlarni ko‘rsatish uchun soliq maslahatchilari tashkiloti sudda isbot sifatida mijozning (ishonch bildiruvchining) roziligi bilan u taqdim etgan hujjatlardan, qonunchilik hujjatlaridan, vakolatli organlarning tushuntirishlaridan va boshqa hujjatlardan foydalanishi mumkin.
14. Soliq maslahatchilari tashkiloti mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan tuzilgan shartnomada va ishonchnomada belgilab berilgan barcha sud instansiyalarida ishtirok etadi.
IV BOB. SOLIQ MASLAHATCHILARI
TASHKILOTINING JAVOBGARLIGI
15. Soliq maslahatchilari tashkiloti soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish davomida va sudda mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ko‘zlab vakillik qilishga xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomani bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida mijozga (ishonch bildiruvchiga) zarar yetkazganligi uchun javobgar bo‘ladi. Mijozga (ishonch bildiruvchiga) yetkazilgan zararlarning, shu jumladan, boy berilgan foydaning o‘rni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi kerak.
16. Soliq maslahatchilari tashkiloti ko‘rsatilgan xizmat oqibatlari uchun javobgar bo‘lmaydi, agarda bunday oqibatlar mijoz (ishonch bildiruvchi) tomonidan noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim qilinishi natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa.
V BOB. YAKUNIY QOIDA
17. Mazkur standart O‘zbekiston Respublikasining Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan kelishilgan.

