O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING
QONUNI
SOLIQ MASLAHATIGA OID FAOLIYAT TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 24 mayda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022 yil 8 iyulda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi soliq maslahatiga oid faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilik
Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
soliq maslahatchisining malaka sertifikati — soliq maslahatchisining malakasini tasdiqlovchi va soliq maslahatchilari tashkiloti nomidan soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqini beruvchi hujjat;
soliq maslahatiga oid faoliyat — soliq maslahatchilari tashkilotining yuridik va jismoniy shaxslarga shartnoma asosida soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyati;
soliq maslahatiga oid xulosa — soliq maslahatiga doir shartnomada nazarda tutilgan xizmatlarni ko‘rsatgan soliq maslahatchisining fikrini o‘z ichiga olgan hujjat;
talabgor — soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olish uchun da’vogar bo‘lgan jismoniy shaxs.
4-modda. Soliq maslahatiga oid faoliyatning asosiy prinsiplari
Soliq maslahatiga oid faoliyatning asosiy prinsiplari qonuniylik, mustaqillik, kasbiy bilimga egalik va maxfiylikdan iboratdir.
5-modda. Qonuniylik prinsipi
Soliq maslahatiga oid faoliyat O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
6-modda. Mustaqillik prinsipi
Soliq maslahatiga oid faoliyat davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar ta’siridan mustaqil bo‘lishi kerak.
Soliq maslahatchilari o‘z faoliyatining mustaqilligiga monelik qiladigan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishni rad etishi mumkin.
7-modda. Kasbiy bilimga egalik prinsipi
Soliq maslahatchilari kasbiy bilimlar va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi hamda ularni soliq maslahatchilari tashkiloti tarkibida soliq maslahati bo‘yicha sifatli xizmatlar ko‘rsatish uchun yetarli bo‘lgan darajada saqlab turishi kerak.
8-modda. Maxfiylik prinsipi
Soliq maslahatchilari soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish jarayonida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni soliq maslahati bo‘yicha o‘ziga xizmatlar ko‘rsatilgan shaxslarning yozma roziligisiz oshkor qilishga hamda o‘zgalarga berishga haqli emas.
9-modda. Soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar
Soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash, soliq hisobotini tayyorlash va taqdim etish masalalari bo‘yicha maslahat berishni;
soliq hisobotini (deklaratsiyasini) tayyorlashni, shu jumladan soliq hisobotini (deklaratsiyasini) mijoz (ishonch bildiruvchi) nomidan uning shaxsiy kabineti orqali taqdim etishni;
ortiqcha undirilgan yoki ortiqcha to‘langan soliqlar hisobidan soliq qarzini qaytarish va (yoki) to‘lash, soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish uchun soliq organlariga taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlarni qonunchilikda belgilangan hollarda tayyorlashni;
soliq hisobini yuritishni;
soliq solish ob’ektlarini va soliq solish bilan bog‘liq bo‘lgan ob’ektlarni aniqlashni;
soliqqa oid va moliyaviy tavakkalchiliklarni tahlil qilishni hamda baholashni, mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliq imtiyozlarini qo‘llashga doir tavsiyalar taqdim etishni;
sudlarda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarda soliqqa oid huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy, fuqarolik, jinoyat ishlarini hamda ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda vakillik qilishni;
mijoz (ishonch bildiruvchi) tomonidan o‘z soliq majburiyatlari muayyan davr uchun, shu jumladan ixtiyoriy ravishda tugatilayotganda to‘g‘ri bajarilishini tekshirishni;
soliqqa oid huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xizmatlarni.
Quyidagilar soliq maslahati bo‘yicha xizmat hisoblanmaydi:
soliq organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlarini amalga oshirish doirasida soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni tushuntirish;
soliq solish masalalari bo‘yicha advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatish, shu jumladan sudda va boshqa davlat organlarida vakillik qilish.
2-bob. Soliq maslahatiga oid faoliyat sohasini tartibga solish
10-modda. Soliq maslahatiga oid faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organi
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi soliq maslahatiga oid faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Vakolatli davlat organi:
o‘z vakolatlari doirasida soliq maslahatiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek milliy standartlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasiga soliq maslahatchisining malaka sertifikatini (bundan buyon matnda malaka sertifikati deb yuritiladi) olish uchun malaka imtihonlarini o‘tkazishni hamda talabgorlarni o‘qitishni tashkil etishda texnik va uslubiy jihatdan yordam ko‘rsatadi.
Vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasi
O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasi (bundan buyon matnda Soliq maslahatchilari palatasi deb yuritiladi) ushbu Qonun bilan o‘z zimmasiga soliq maslahati sohasidagi faoliyatni rivojlantirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha funksiyalar yuklatiladigan, soliq maslahatchilarining, soliq maslahatchilari tashkilotlarining ixtiyoriy a’zoligi asosida tashkil etiladigan kasbiy birlashmadir.
Soliq maslahatchilari palatasining faoliyati ushbu Qonun bilan tartibga solinadi va uning ustavida belgilanadi.
Soliq maslahatchilari palatasi a’zolari o‘z faoliyatini amalga oshirishda mustaqilligini saqlab qoladi.
Soliq maslahatchilari palatasi hududiy va hududlararo vakolatxonalar va (yoki) filiallar tashkil etishi mumkin.
Soliq maslahati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normalar va qoidalarni o‘z ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Soliq maslahatchilari palatasi bilan kelishiladi.
12-modda. Soliq maslahatchilari palatasining asosiy vazifalari va funksiyalari
Soliq maslahatchilari palatasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
soliq maslahatchilarining va soliq maslahatchilari tashkilotlarining manfaatlarini ifodalash;
soliq maslahatchilarining kasbiy manfaatlarini himoya qilish, ularning kasbiy darajasini rivojlantirish;
malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish va uning amal qilishini tugatish;
soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni va soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishda ishtirok etish.
Soliq maslahatchilari palatasi quyidagi funksiyalarni bajaradi:
soliq maslahatchilarining reestrini yuritadi;
soliq maslahatchilari tashkilotlarining reestrini yuritadi;
ushbu Qonun 23-moddasining ettinchi qismida nazarda tutilgan, soliq maslahatiga oid xulosa berish huquqiga ega bo‘lgan soliq maslahatchilari tashkilotlarining ro‘yxatini yuritadi;
soliq maslahatining milliy standartlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni va soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
amalga oshirilayotgan faoliyati bilan bog‘liq yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, o‘z a’zolarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi;
soliq maslahatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi.
Soliq maslahatchilari palatasi ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi — to‘rtinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan reestrlarni, shuningdek ro‘yxatni shakllantirish hamda yuritish tartibini belgilaydi.
Soliq maslahatchilari palatasi o‘quv jarayoniga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqadi va soliq maslahatiga o‘qitishni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan ushbu talablarga rioya etilishi monitoringini ular bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiradi.
Soliq maslahatchilari palatasi qonunchilikka va o‘z ustaviga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
13-modda. Soliq maslahatchilarining va soliq maslahatchilari tashkilotlarining reestrlarini yuritish
Soliq maslahatchilari palatasi soliq maslahatchilarining reestrini elektron shaklda yuritadi, unga quyidagi axborot kiritiladi:
soliq maslahatchisining familiyasi, ismi, otasining ismi;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
soliq maslahatchisining ish joyi;
malaka sertifikatining raqami va berilgan sanasi;
soliq maslahatchisining har yilgi malaka oshirish kurslaridan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini tugatish, uni bekor qilish va malaka sertifikatining dublikatini berish to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Vakolatli davlat organining va Soliq maslahatchilari palatasining rasmiy veb-saytlariga soliq maslahatchilari reestridagi ochiq ma’lumotlar tanishib chiqish uchun joylashtiriladi, ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
soliq maslahatchisining familiyasini, ismini, otasining ismini;
malaka sertifikatining raqamini va berilgan sanasini;
malaka sertifikatining amal qilishini tugatish yoki uni bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni.
Soliq maslahatchilari palatasi soliq maslahatchilari tashkilotlarining reestrini elektron shaklda yuritadi, unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
soliq maslahatchilari tashkilotining nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);
soliq maslahatchilari tashkilotining telefon raqami;
soliq maslahatchilari tashkilotining elektron manzili va rasmiy veb-sayti (mavjud bo‘lgan taqdirda);
soliq maslahatchilari tashkilotining identifikatsiya raqami;
soliq maslahatchilari tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish raqami va sanasi;
soliq maslahatchilari tashkiloti rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi;
soliq maslahatchilari tashkilotining rahbariga berilgan malaka sertifikatining raqami va berilgan sanasi.
Soliq maslahatchilari tashkilotlarining reestridagi mavjud axborot tanishib chiqish uchun ochiqdir.
14-modda. Ekspert kengashi
Soliq maslahatchilari palatasi huzurida Soliq maslahatchilarining ekspert kengashi (bundan buyon matnda Ekspert kengashi deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Ekspert kengashining faoliyati Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan tartibga solinadi.
Ekspert kengashi tarkibiga soliq maslahatchilari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, yurisprudensiya sohasidagi mutaxassislar kiradi.
Ekspert kengashining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
soliq to‘lovchilar va nazorat qiluvchi organlar o‘rtasida muntazam ravishda yuzaga kelayotgan soliqqa oid nizolar bo‘yicha xulosani ko‘rib chiqish hamda berish;
soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni ekspert baholash;
soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Ekspert kengashining soliqqa oid nizolar bo‘yicha xulosalari nazorat qiluvchi organlar tomonidan ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi.
15-modda. Soliq maslahatiga oid faoliyatning kafolatlari
Uchinchi shaxslarning soliq maslahatchilari faoliyatiga aralashishi, ulardan xizmatlar ko‘rsatish chog‘ida olingan biron-bir ma’lumotni talab qilish, shuningdek bunday ma’lumotlarni soliq maslahatchilarining yordamchilaridan va soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish jarayonida ishtirok etayotgan boshqa shaxslardan talab qilish taqiqlanadi.
Soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatayotgan shaxslardan mazkur xizmatlar ko‘rsatilishi munosabati bilan tayyorlangan hujjatlar olib qo‘yilishi yoki ko‘zdan kechirilishi mumkin emas.
Soliq maslahatchisi va uning yordamchisi o‘z kasbiy vazifalarini bajarishi munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan holatlar to‘g‘risida guvoh sifatida so‘roq qilinishi mumkin emas.
Soliq maslahatchilari va ularning yordamchilari sud, huquqni muhofaza qiluvchi hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan ekspertlar va mutaxassislar sifatida jalb etilishi, shuningdek mazkur organlar tomonidan tashabbus qilingan tekshiruvlarni amalga oshirishga jalb etilishi mumkin emas.
Soliq maslahatchilari tashkiloti davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek xo‘jalik boshqaruvi organlari ishtirokida tashkil etilishi mumkin emas.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan boshqa shaxslar soliq maslahatchilari tashkilotining muassislari bo‘lishi mumkin emas.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmatda bo‘lgan shaxslar soliq maslahatiga jalb etilishi mumkin emas.
Sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar hamda ularning mansabdor shaxslari soliq maslahatchilarining mijozning (ishonch bildiruvchining) vakili sifatidagi huquqlarini va harakatlarini cheklashga haqli emas.
3-bob. Soliq maslahatchisi va soliq maslahatchilari tashkiloti
16-modda. Soliq maslahatchisi
Malaka sertifikatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs soliq maslahatchisidir.
Agar soliq maslahatchisi soliq maslahatchilari tashkilotining shtatida turgan bo‘lsa yoki soliq maslahatchilari tashkiloti u bilan fuqaroviy-huquqiy xususiyatga ega shartnoma tuzgan taqdirda, u soliq maslahatiga oid faoliyatga jalb etilishi mumkin.
Soliq maslahatchisi Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan belgilangan tartibda har yili o‘z malakasini oshirishi shart.
17-modda. Soliq maslahatchisining yordamchisi
Malaka sertifikatiga ega bo‘lmagan va soliq maslahatchisining soliq maslahatiga oid faoliyat bilan bog‘liq topshiriqlarini bajaruvchi jismoniy shaxs soliq maslahatchisining yordamchisidir.
Soliq maslahatchisining yordamchisi soliq maslahati bo‘yicha hisobotni, xulosani va soliq maslahatiga oid faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa hujjatlarni imzolashga haqli emas.
Soliq maslahatchisi yordamchisining mehnat sharoitlari qonunchilikda belgilangan tartibda soliq maslahatchilari tashkiloti bilan tuzilgan mehnat shartnomasida belgilanadi.
Soliq maslahatchisining yordamchisi sifatida ishlangan vaqt malaka sertifikatini olish uchun zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shiladi.
18-modda. Soliq maslahatchilari tashkiloti
Soliq maslahatchilari tashkiloti soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi tijorat tashkilotidir.
Soliq maslahatchilari tashkiloti aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi mumkin emas.
Soliq maslahatchilari tashkilotining rahbari soliq maslahatchisi bo‘lishi kerak.
Qonunchilikda ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirishga doir talablar belgilangan hollarda, muassis bo‘lgan soliq maslahatchisining (soliq maslahatchilarining) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi kamida ellik bir foizni tashkil etishi kerak.
Ushbu modda to‘rtinchi qismining talablariga nomuvofiqlik yuzaga kelgan taqdirda, soliq maslahatchilari tashkiloti nomuvofiqlik yuzaga kelgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda Soliq maslahatchilari palatasini bu haqda yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi va yuzaga kelgan nomuvofiqlikni ko‘rsatib o‘tilgan sanadan e’tiboran uch oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda bartaraf etishi yoxud soliq maslahatiga oid faoliyatni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi shart.
Ushbu modda to‘rtinchi qismining talablariga nomuvofiqlik bartaraf etilguniga qadar soliq maslahatchilari tashkiloti tomonidan soliq maslahatiga oid faoliyatni amalga oshirish taqiqlanadi.
Ushbu Qonun 23-moddasining ettinchi qismida nazarda tutilgan soliq maslahatiga oid xulosani o‘z faoliyatini bir yildan ortiq amalga oshirayotgan va shtatida soliq maslahati bo‘yicha kamida bir yil stajga ega soliq maslahatchilari mavjud bo‘lgan soliq maslahatchilari tashkiloti beradi.
Ushbu modda ettinchi qismining talablariga nomuvofiqlik yuzaga kelgan taqdirda, soliq maslahatchilari tashkiloti nomuvofiqlik yuzaga kelgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda Soliq maslahatchilari palatasini bu haqda yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
Soliq maslahatchilari tashkiloti Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan belgilangan tartibda Soliq maslahatchilari palatasiga a’zo bo‘lishi mumkin.
Soliq maslahatchilari tashkiloti ushbu Qonunning 9-moddasida nazarda tutilgan soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar bilan bir qatorda quyidagi xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin:
buxgalteriya hisobini va moliyaviy hisobni yuritish;
moliya-xo‘jalik faoliyatini yuritish bo‘yicha konsalting;
eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha konsalting;
mijozni uning o‘z faoliyatini amalga oshirishi davrida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda, shuningdek uning tugatilishi chog‘ida kuzatib borish;
investitsiya loyihalarini tahlil qilish, ekspertizadan o‘tkazish va kuzatib borish (monitoring qilish);
xarid jarayonlarini kuzatib borish (monitoring qilish);
soliq solish masalalari bo‘yicha seminarlar va treninglar o‘tkazish.
19-modda. Soliq maslahatchilari tashkilotining huquqlari
Soliq maslahatchilari tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
mijozdan (ishonch bildiruvchidan) soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni va boshqa ma’lumotlarni olish;
soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish jarayonida yuzaga kelgan masalalar bo‘yicha mijozdan (ishonch bildiruvchidan) og‘zaki yoki yozma tushuntirishlar olish;
soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan axborotni, ma’lumotnomalarni, hujjatlarni va boshqa materiallarni muassasalardan hamda tashkilotlardan so‘rab olish;
soliq solish masalalari bo‘yicha davlat organlariga murojaat qilish (iltimosnoma berish, takliflar kiritish, so‘rovlar, arizalar, shikoyatlar berish va boshqalar) hamda ulardan javoblar olish;
mijozning (ishonch bildiruvchining) roziligi bilan boshqa mutaxassislarni soliq maslahatida ishtirok etishga shartnoma asosida jalb etish;
mijoz (ishonch bildiruvchi) soliq maslahatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni va boshqa ma’lumotlarni taqdim etmagan taqdirda, soliq maslahati berishni rad etish;
oxirgi uch yil mobaynida tovarlar (xizmatlar) sotish aylanmasi o 'n milliard so' mdan oshmaydigan, shuningdek, o 'rtacha tavakkalchilik darajasi bo' lgan, ixtiyoriy ravishda tugatilayotgan soliq to 'lovchining soliq davri uchun, shu jumladan, oxirgi soliq auditidan keyingi davr uchun da' vo muddati davomida mijozning (ishonch bildiruvchining) soliq majburiyatlari bajarilishi to ' g ' risida xulosa chiqarsin. soliq qonunchiligiga muvofiq muddati tugamagan cheklovlar;
soliq tekshiruvini o‘tkazish chog‘ida soliq maslahatiga oid xulosani mijozning (ishonch bildiruvchining) nomidan mustaqil ravishda, asos sifatida taqdim etish;
mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan tuzilgan shartnomada belgilangan hollarda, o‘tkaziladigan soliq tekshiruvlarida ishtirok etish;
soliq organlarida, shu jumladan soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish chog‘ida bojxona organlarida, prokuratura organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ifodalash;
sudlarda va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda soliqqa oid huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy, fuqarolik, jinoyat ishlarini hamda ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish chog‘ida, shu jumladan dastlabki tergov jarayonida mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ifodalash;
soliq solish bilan hamda soliqqa oid huquqbuzarliklar, soliq organlarining hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari va (yoki) harakatsizligi ustidan shikoyat qilish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish chog‘ida sudlarda, huquqni muhofaza qiluvchi hamda nazorat qiluvchi organlarda hisoblash texnikasi va aloqa vositalaridan, audio- va video yozuv qurilmalaridan foydalanish.
Soliq maslahatchilari tashkilotlari soliq maslahati bo‘yicha birgalikda xizmatlar ko‘rsatishga haqli.
Soliq maslahati bo‘yicha birgalikda xizmatlar ko‘rsatish chog‘ida soliq maslahatchilari tashkilotlarining har biri mijoz (ishonch bildiruvchi) oldida mustaqil ravishda javobgar bo‘ladi.
Soliq maslahati bo‘yicha birgalikda xizmatlar ko‘rsatish chog‘ida mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan shartnoma soliq maslahatchilarining har bir tashkiloti bilan alohida-alohida tuzilishi mumkin.
20-modda. Soliq maslahatchilari tashkilotining majburiyatlari
Soliq maslahatchilari tashkiloti:
mijozning (ishonch bildiruvchining) huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi, soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma doirasida barcha harakatlarni amalga oshirishi;
mijozning (ishonch bildiruvchining) huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qonunchilikda nazarda tutilgan usullari hamda vositalaridan foydalanishi;
soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish chog‘ida olingan axborotning maxfiyligiga rioya etishi;
soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzilayotganda mijozning (ishonch bildiruvchining) talabiga ko‘ra tashkilot rahbarining malaka sertifikatini ko‘rsatishi;
mijozga (ishonch bildiruvchiga) uning mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari tomonidan zarar yetkazilganligi haqida dalolat beruvchi faktlar aniqlangan, shuningdek qonunchilik buzilgan taqdirda, bu haqda mijozga (ishonch bildiruvchiga) ma’lum qilishi;
soliq maslahatiga oid faoliyatni amalga oshirayotgan soliq maslahatchilari haqidagi hamda soliq maslahatchilarining har yilgi malaka oshirishdan o‘tishi to‘g‘risidagi axborotni Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan belgilangan tartibda taqdim etishi;
mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan hollarda, soliq organlarining soliq tekshiruvlariga oid dalolatnomalarini va soliqqa oid nizolarni ko‘rib chiqish bayonnomalarini mijoz (ishonch bildiruvchi) nomidan imzolashi;
fuqarolik javobgarligini sug‘urta polisiga ega bo‘lishi;
soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorat qilish qoidalarini belgilashi va ularga rioya etishi shart. Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorat qilishni tashkil etishga doir talablar soliq maslahatining milliy standartlari bilan belgilanadi.
21-modda. Soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma
Soliq maslahatchilari tashkiloti mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan uning yashash joyidan va joylashgan yeridan (pochta manzilidan) qat’i nazar, soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzishga haqli.
Soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaning asosiy shartlari quyidagilardan iborat:
maxfiylik;
soliq maslahatchilari tashkiloti soliq maslahatchilari tashkilotlarining reestriga kiritilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
soliq maslahatchilari tashkilotining fuqarolik javobgarligini sug‘urta polisi mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
22-modda. Soliq maslahati bo‘yicha hisobot
Soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi soliq maslahatchisi shartnomada nazarda tutilgan hollarda soliq maslahati bo‘yicha hisobotni mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliq maslahatining milliy standartlarida belgilangan tartibda taqdim etadi.
Soliq maslahati bo‘yicha hisobotdagi mavjud axborot maxfiydir va u oshkor qilinishi mumkin emas, bundan shartnomada nazarda tutilgan hollar mustasno.
Soliq maslahati bo‘yicha hisobotning har bir sahifasi soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatgan soliq maslahatchisi, soliq maslahatchilari tashkilotining rahbari tomonidan imzolanadi va mazkur tashkilotning muhri (mavjud bo‘lgan taqdirda) bilan tasdiqlanadi.
Soliq maslahati bo‘yicha hisobot mijoz (ishonch bildiruvchi) tomonidan soliq organiga soliq ma’muriyatchiligini va (yoki) soliq nazoratini amalga oshirish doirasida taqdim etilishi mumkin.
23-modda. Soliq maslahatiga oid xulosa
Soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatayotgan soliq maslahatchisi shartnomada nazarda tutilgan hollarda soliq maslahatiga oid xulosani mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliq maslahatining milliy standartlarida belgilangan tartibda taqdim etadi.
Soliq maslahatiga oid xulosa soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatgan soliq maslahatchisi, soliq maslahatchilari tashkilotining rahbari tomonidan imzolanadi va mazkur tashkilotning muhri (mavjud bo‘lgan taqdirda) bilan tasdiqlanadi.
Soliq maslahatiga oid xulosadagi mavjud axborot maxfiydir va u oshkor qilinishi mumkin emas, bundan shartnomada nazarda tutilgan hollar mustasno.
Soliq maslahatiga oid xulosa mijoz (ishonch bildiruvchi) tomonidan soliq organiga soliq ma’muriyatchiligini va (yoki) soliq nazoratini amalga oshirish doirasida taqdim etilishi mumkin.
Soliq maslahatiga oid xulosa soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish doirasida ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi.
Mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliq hisobini yuritish bo‘yicha xizmatlar doirasida taqdim etilgan soliq maslahatiga oid xulosa soliq tavakkalchiligini baholash chog‘ida soliq organlari tomonidan qabul qilinadi.
So'nggi uch yil ichida tovarlar (xizmatlar) sotish aylanmasi o 'n milliard so' mdan oshmaydigan, shuningdek tavakkalchilik darajasi o 'rta bo' lgan soliq to 'lovchini ixtiyoriy ravishda tugatishda ushbu xulosani berish huquqiga ega bo' lgan soliq maslahatchilari tashkiloti tomonidan berilgan soliq maslahati bo ' yicha xulosa soliq organlari tomonidan tan olinadi.
4-bob. Malaka talablari va malaka sertifikati
24-modda. Malaka talablari
Bir vaqtning o‘zida quyidagi talablarga javob beradigan shaxs malaka sertifikatini olish uchun talabgor bo‘lishi mumkin:
oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxs;
Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan belgilangan tartibda soliq maslahatchilarini tayyorlash bo‘yicha kursni o‘tagan shaxs;
kamida besh yil ish stajiga, shu jumladan iqtisodiy yoki yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yil ish stajiga ega bo‘lgan shaxs.
«Soliqlar va soliq solish» mutaxassisligi bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan talabgorlar mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yil ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda, malaka imtihonini topshirishga qo‘yiladi.
Soliq organlarida kamida uch yil ish stajiga, shuningdek auditor sertifikatiga ega bo‘lgan talabgorlar soliq maslahatchilarini tayyorlash bo‘yicha qisqartirilgan kursni o‘taydi.
Soliq maslahatchilarini tayyorlash bo‘yicha kurs, shu jumladan masofadan turib o‘qitish shaklidagi kurs Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan tasdiqlangan dastur asosida tashkil etiladi.
Soliq maslahatchilari Soliq maslahatchilari palatasi huzuridagi ta’lim tashkilotlarida Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan tasdiqlangan dastur asosida malaka oshiradi.
25-modda. Malaka imtihoni o‘tkazilishini tashkil etish
Talabgor malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi ariza bilan Soliq maslahatchilari palatasiga murojaat qilishga haqli.
Malaka imtihonini topshirish uchun ariza berish, mazkur imtihonni o‘tkazish tartibi Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan tasdiqlanadi.
Malaka imtihoni Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan o‘tkaziladi. Soliq maslahatchilari palatasi test sinovlarini o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan yuridik shaxslarni shartnoma asosida jalb etishi mumkin.
Malaka sertifikatini olishga doir malaka imtihonlarida ishtirok etish uchun talabgor tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoriga teng bo‘lgan yig‘im to‘lanadi.
26-modda. Malaka sertifikati
Soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga bo‘lgan huquq ushbu Qonunda belgilangan tartibda jismoniy shaxsga berilgan malaka sertifikati bilan tasdiqlanadi.
Malaka sertifikati cheklanmagan muddatga beriladi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida amal qiladi.
27-modda. Malaka sertifikatini berish va qayta rasmiylashtirish, uning dublikatini berish
Malaka sertifikati jismoniy shaxsga malaka imtihoni muvaffaqiyatli topshirilganidan keyin Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan o‘n kun ichida beriladi.
Soliq maslahatchisi o‘z familiyasi, ismi, otasining ismi o‘zgargan taqdirda, tegishli o‘zgartishlarni tasdiqlovchi hujjatlar berilgan sanadan e’tiboran bir oylik muddatda Soliq maslahatchilari palatasiga malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart.
Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish soliq maslahatchisi tomonidan malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida qayta rasmiylashtirilishi lozim bo‘lgan sertifikatning asl nusxasi va tegishli o‘zgartishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning ko‘chirma nusxalari ilova qilingan holda ariza berilgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida amalga oshiriladi. Qayta rasmiylashtirish chog‘ida avval berilgan raqamli malaka sertifikatining yangi blankasi beriladi. Avval berilgan sertifikatning blankasi yo‘q qilinadi.
Soliq maslahatchisining yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati o‘rniga malaka sertifikatining dublikatini berish to‘g‘risidagi arizasi asosida uning dublikati beriladi. Malaka sertifikati yo‘qolganligi to‘g‘risidagi axborot Soliq maslahatchilari palatasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Malaka sertifikatining dublikati aynan o‘sha raqam bilan, sertifikatning yangi blankasiga «Dublikat» degan yozuv albatta kiritilgan holda beriladi.
Yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati Soliq maslahatchilari palatasiga qaytarilishi va yo‘q qilinishi lozim.
28-modda. Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish
Malaka sertifikatining amal qilishi Soliq maslahatchilari palatasining yoki sudning qarori asosida tugatiladi.
Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
soliq maslahatchisining arizasi;
soliq maslahatchisining har yilgi malaka oshirishdan Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan belgilangan tartibda o‘tmaganligi;
soliq maslahatchisining vafot etganligi;
soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqidan mahrum etish tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi;
fuqaroni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish to‘g‘risidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi;
soliq maslahatiga oid faoliyatda uch yil davomida ishtirok etmaganlik (bundan homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolani parvarishlash bo‘yicha ta’til davri mustasno);
malaka sertifikati soliq maslahatida ishtirok etish uchun foydalanish maqsadida boshqa jismoniy shaxsga berilganligi faktining aniqlanganligi;
soliq maslahatchisi tomonidan soliq maslahati berish davomida olingan ma’lumotlar mijozning (ishonch bildiruvchining) yozma ruxsatisiz uchinchi shaxslarga taqdim etilganligi;
soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishda soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilikning bir yil ichida ikkita buzilishi sodir etilganligi.
Ushbu modda ikkinchi qismining ettinchi xatboshisida nazarda tutilgan asos advokatlik tuzilmalarining, auditorlik tashkilotlarining, buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi boshqa yuridik shaxslarning shtatida, shuningdek davlat organlarida asosiy ish joyi bo‘yicha ishlaydigan soliq maslahatchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Malaka sertifikatining amal qilishi uni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran tugatiladi.
Malaka sertifikatining amal qilishi ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi — yettinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha Soliq maslahatchilari palatasining qarori bilan, ushbu modda ikkinchi qismining sakkizinchi, to‘qqizinchi va o‘ninchi xatboshilarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha esa sudning qarori bilan tugatiladi.
Malaka sertifikatining amal qilishi ushbu modda ikkinchi qismining sakkizinchi, to‘qqizinchi va o‘ninchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha tugatilgan shaxs malaka sertifikatining amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch yil ichida Soliq maslahatchilari palatasiga malaka sertifikatini olish haqidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.
Soliq maslahatchilari palatasining malaka sertifikatining amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
29-modda. Malaka sertifikatini bekor qilish
Malaka sertifikati sud qarori asosida bekor qilinadi.
Malaka sertifikati quyidagi asoslarga ko‘ra bekor qilinadi:
malaka sertifikatini berish to‘g‘risidagi qarorning qonunga xilof ekanligi aniqlanganligi;
malaka sertifikatining soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganligi.
Malaka sertifikatini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror berilgan sanadan e’tiboran amal qiladi.
Malaka sertifikati ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha bekor qilingan shaxs sudning malaka sertifikatini bekor qilish to‘g‘risidagi qarori qonuniy kuchga kirgan sanadan e’tiboran uch yil ichida Soliq maslahatchilari palatasiga malaka sertifikatini olish haqidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
30-modda. Nizolarni hal etish
Soliq maslahati sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
31-modda. Soliq maslahatchilari tashkilotining va soliq maslahatchilarining javobgarligi
Soliq maslahatchilari tashkiloti soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomani bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida mijozga (ishonch bildiruvchiga) zarar yetkazganligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi. Mijozga (ishonch bildiruvchiga) yetkazilgan zararlarning, shu jumladan boy berilgan foydaning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi lozim.
Soliq maslahatchisi ishni sifatsiz bajarganligi, tijorat sirini oshkor etganligi natijasida yetkazilgan zarar va soliq maslahatchilari tashkilotining zarar ko‘rishiga olib kelgan boshqa xatti-harakatlar uchun qonunchilikka muvofiq soliq maslahatchilari tashkiloti oldida javobgar bo‘ladi.
32-modda. Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
33-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
1. O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 20 aprelda qabul qilingan «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi O‘RQ-682-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021 yil, № 4, 288-modda; 2022 yil, № 3, 213-modda) ilovasining 102-bandiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi o‘n uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
«O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasi bilan — soliq maslahatiga oid faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish masalalariga doir loyihalar»;
o‘n uchinchi va o‘n to‘rtinchi xatboshilar tegishincha o‘n to‘rtinchi va o‘n beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING 2006 yil 21 sentyabrda qabul qilingan «Soliq maslahati to‘g‘risida»gi O‘RQ-55-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006 yil, № 9, 497-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 31 dekabrda qabul qilingan «Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘RQ-197-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008 yil, № 12, 640-modda) 35-moddasi;
3) O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING 2012 yil 4 yanvarda qabul qilingan «Soliq maslahati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘RQ-316-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012 yil, № 1, 2-modda);
4) O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 20 avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub’ektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-391-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015 yil, № 8, 312-modda) 33-moddasi;
5) O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 18 aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-429-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017 yil, № 4, 137-modda) 14-moddasi;
6) O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 21 aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-683-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021 yil, 4-songa ilova) 175-moddasi.
34-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
35-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
36-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Toshkent sh.,
2022 yil 4 avgust,
O‘RQ-787-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.08.2022 y., 03/22/787/0708-son; 25.12.2025 y., 03/25/1108/1217-son

