Toshkent, Tarasa Shevchenko 8. info@pnk.uz

Sertifikatni berish, tugatish va bekor qilish to'g'risidagi Nizom

O‘zSMP Boshqaruvining
 08.11.2024 y. dagi 2-sonli
 Bayonnomasi bilan
tasdiqlangan
.

Sertifikatni berish, tugatish va bekor qilish to’g’risidagi

Nizom

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining «Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq soliq maslahatchisi malaka sertifikatini berish, amal qilishini tugatish va bekor qilish tartibini belgilaydi.

I. Umumiy qoidalar

1. Soliq maslahatchisi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan (keyingi o‘rinlarda — malaka sertifikati deb yuritiladi) jismoniy shaxs soliq maslahatchisi hisoblanadi.

2. Malaka sertifikati jismoniy shaxsga, agar u soliq maslahatchilari tashkilotining shtatida turgan bo‘lsa yoki soliq maslahatchilari tashkiloti u bilan fuqarolik-huquqiy xarakterdagi shartnoma tuzgan bo‘lsa, soliq maslahati bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish huquqini beradi.

3. Malaka sertifikati cheklanmagan muddatga beriladi va O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida amal qiladi.

II. Malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish va dublikat berish tartibi

4. Malaka sertifikati O‘zbekiston soliq maslahatchilar palatasi NNT (keyingi o‘rinlarda — Palata deb yuritiladi) tomonidan, Palata boshqaruvi raisining qarori asosida, malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan da’vogarga beriladi.

Malaka sertifikati mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan shaklda sertifikatning maxsus blankasida rasmiylashtiriladi.

6. Malaka sertifikati blankasi qat’iy hisobot hujjati hisoblanib, hisob seriyasi va raqamiga ega bo‘ladi.
Malaka sertifikati blankasi bosmaxona yo‘li bilan Palata buyurtmasiga binoan tayyorlanadi.

7. Malaka sertifikatini xaqiqiyligi QR-kod orqali tekshiriladi va Palataning rasmiy veb-saytida tasdiqlanadi.

8. Malaka sertifikati jismoniy shaxsga malaka imtihoni muvaffaqiyatli topshirilganidan keyin Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan o‘n kun ichida beriladi.

9. Palata soliq maslahatchisini malaka sertifikati berilgan kundan kechiktirmay soliq maslahatchilari reestriga kiritadi.

10. Palata o‘zining rasmiy veb-saytida soliq maslahatchilari reestriga kiritish uchun vakolatli organga soliq maslahatchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yuboradi.

11. Sertifikatda ko‘rsatilgan familiyasi (ismi, otasining ismi) o‘zgargan taqdirda, malaka sertifikatining egasi bir oy muddatdan kechikmasdan Palataga qayta rasmiylashtirilishi lozim bo‘lgan malaka sertifikatini, pasport (ID-karta) nusxasini, shuningdek malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun o‘tkaziladigan to‘lovning to‘langanligini tasdiqlaydigan bank to‘lov hujjatini ilova qilgan holda malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida Palataga ariza topshirishi lozim.

12. Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish soliq maslahatchisi tomonidan malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berilgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida amalga oshiriladi. Qayta rasmiylashtirish chog‘ida avval berilgan raqamli malaka sertifikatining yangi blankasi beriladi. Avval berilgan sertifikatning blankasi egasi huzurida yo‘q qilinadi.

13. Soliq maslahatchisining yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati o‘rniga malaka sertifikatining dublikatini berish to‘g‘risidagi arizasi asosida uning dublikati beriladi. Malaka sertifikati yo‘qolganligi to‘g‘risidagi axborot Palataning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Malaka sertifikatining dublikati aynan o‘sha raqam bilan, sertifikatning yangi blankasiga «Dublikat» degan yozuv albatta kiritilgan holda beriladi.

14. Yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati Soliq maslahatchilari palatasiga qaytarilishi va egasi huzurida yo‘q qilinishi lozim.

15. Malaka sertifikatini rasmiylashtirish, qayta rasmiylashtirish va berish uchun, shuningdek uning dublikatini berganlik uchun soliq maslahatchisi to‘lov kunidagi bazaviy hisoblash miqdorining 1 (bir) baravari miqdorida Palataga yig‘im to‘laydi.

III. Soliq maslahatchisining malaka sertifikatini amal qilishini tugatish tartibi

16. Malaka sertifikatining amal qilishi Palatasining yoki sudning qarori asosida tugatiladi.

17. Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

a) soliq maslahatchisining arizasi;

b) soliq maslahatchisining har yilgi malaka oshirishdan Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan belgilangan tartibda o‘tmaganligi;

v) soliq maslahatchisining vafot etganligi;

g) soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqidan mahrum etish tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi;

d) fuqaroni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish to‘g‘risidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi;

ye) soliq maslahatiga oid faoliyatda uch yil davomida ishtirok etmaganlik (bundan homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolani parvarishlash bo‘yicha ta’til davri mustasno);

j) malaka sertifikati soliq maslahatida ishtirok etish uchun foydalanish maqsadida boshqa jismoniy shaxsga berilganligi faktining aniqlanganligi;

z) soliq maslahatchisi tomonidan soliq maslahati berish davomida olingan ma’lumotlar mijozning (ishonch bildiruvchining) yozma ruxsatisiz uchinchi shaxslarga taqdim etilganligi;

i) soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishda soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilikning bir yil ichida ikkita buzilishi sodir etilganligi.

18. Ushbu Nizomning 17-bandini «e» kichik bandlarida nazarda tutilgan asos advokatlik tuzilmalarining, auditorlik tashkilotlarining, buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi boshqa yuridik shaxslarning shtatida, shuningdek davlat organlarida asosiy ish joyi bo‘yicha ishlaydigan soliq maslahatchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

19. Malaka sertifikatining amal qilishi uni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran tugatiladi.

20. Malaka sertifikatining amal qilishi ushbu Nizomning 17-bandini «a», «b», «v», «g», «d», «e» kichik bandlarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha Palata boshqaruvi raisi yoki boshqaruvi qarori bilan tugatiladi.

21. Malaka sertifikatining amal qilishi ushbu Nizomning 17-bandini «j», «z», «i» kichik bandlarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha esa sudning qarori bilan tugatiladi.

22. Malaka sertifikatining amal qilishi ushbu Nizomning 17-bandini «j», «z», «i» kichik bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha tugatilgan shaxs malaka sertifikatining amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch yil ichida Palataga malaka sertifikatini olish haqidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.

23. Palataning malaka sertifikatining amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

IV. Soliq maslahatchisining malaka sertifikatini bekor qilish tartibi

24. Malaka sertifikati sud qarori asosida bekor qilinadi.

25. Malaka sertifikati quyidagi asoslarga ko‘ra bekor qilinadi:

a) malaka sertifikatini berish to‘g‘risidagi qarorning qonunga xilof ekanligi aniqlanganligi;

b) malaka sertifikatining soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganligi.

26. Malaka sertifikatini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror berilgan sanadan e’tiboran amal qiladi.

27. Malaka sertifikati ushbu Nizomning 25-bandini «b» kichik bandida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha bekor qilingan shaxs sudning malaka sertifikatini bekor qilish to‘g‘risidagi qarori qonuniy kuchga kirgan sanadan e’tiboran uch yil ichida Palataga malaka sertifikatini olish haqidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.

V. Malaka sertifikatiga ega bo‘lgan soliq maslahatchilari ro‘yxatini yuritish

28. Palata soliq maslahatchilarining reestrini elektron shaklda yuritadi, unga quyidagi axborot kiritiladi:

- soliq maslahatchisining familiyasi, ismi, otasining ismi;

- jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;

- soliq maslahatchisining ish joyi;

- malaka sertifikatining raqami va berilgan sanasi;

- soliq maslahatchisining har yilgi malaka oshirish kurslaridan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

- malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini tugatish, uni bekor qilish va malaka sertifikatining dublikatini berish to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

29. Palataning rasmiy veb-saytida soliq maslahatchilari reestridagi ochiq ma’lumotlar tanishib chiqish uchun joylashtiriladi, ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

- soliq maslahatchisining familiyasini, ismini, otasining ismini;

- malaka sertifikatining raqamini va berilgan sanasini;

- malaka sertifikatining amal qilishini tugatish yoki uni bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni.

VI. Yakuniy qoidalar

29. Palataning malaka sertifikatini berish, amal qilishini tugatish va bekor qilish masalalariga oid qarori ustidan manfaatdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.

30. Mazkur Nizom talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.