Toshkent, Tarasa Shevchenko 8. info@pnk.uz

2-sonli Soliq maslahatining milliy standarti

SOLIQ MASLAHATI MILLIY STANDARTI
(2-SONLI SMMS)

SOLIQ MASLAHATI BO‘YICHA HISOBOT
VA SOLIQ MASLAHATIGA OID XULOSANI
TUZISH HAMDA MIJOZGA (ISHONCH BILDIRUVCHIGA)
TAQDIM ETISH TARTIBI

Maslahat

(iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 31-iyulda 2375-3-son bilan ro'yxatdan o'tgan buyrug'i tahririda)

     

Ushbu Soliq maslahati milliy standarti (2-sonli SMMS) (keyingi o‘rinlarda standart deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasida soliq maslahati bo‘yicha faoliyatni normativ tartibga solishning elementi hisoblanadi.

 

I BOB. UMUMIY QOIDALAR

1. Ushbu standartning maqsadi mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliq maslahati bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi soliq maslahatchilari tashkiloti tomonidan soliq maslahati bo‘yicha hisobot va soliq maslahatiga oid xulosani tuzish hamda taqdim etish tartibini belgilash hisoblanadi.

2. Mazkur standart talablari barcha soliq maslahatchilari tashkilotlari tomonidan qo‘llanilishi majburiydir.

 

II BOB. SOLIQ MASLAHATI BO‘YICHA HISOBOT

3. Soliq maslahati bo‘yicha hisobot (keyingi o‘rinlarda hisobot deb yuritiladi) - soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomani (keyingi o‘rinlarda shartnoma deb yuritiladi) bajarish natijalari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi mijozga (ishonch bildiruvchiga) taqdim etiladigan hujjatdir.

4. Hisobot yozma shaklda tuziladi va shartnomani bajarish davomida soliq maslahatchilari tashkiloti tomonidan tayyorlangan xulosa va tavsiyalarni tasdiqlash uchun asos bo‘lib hisoblanadi.

5. Hisobot tarkibi shartnomaning predmetiga va soliq maslahati bo‘yicha xizmat ko‘rsatish muddati davomiyligiga bog‘liq. Hisobot erkin shaklda tuziladi va majburiy tartibda quyidagilarni o‘z ichiga olishi lozim:

- nomi - "Soliq maslahati bo‘yicha hisobot";

- mijozning (ishonch bildiruvchining) manzili, nomi yoki F.I.Sh.;

- hisobotni tuzish uchun asos bo‘lgan shartnomaning predmeti, raqami va sanasi;

shartnomani bajarishda ishtirok etgan soliq maslahatchisi(lari) to‘g‘risida ma’lumotlar (F.I.Sh., soliq maslahatchisi sertifikatining raqami va berilgan sanasi).

6. Soliq maslahati bo‘yicha bir martalik (bir yo‘la) xizmat ko‘rsatish va muayyan muddat davomida xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalar bo‘yicha hisobotda ushbu standartning 5-bandida nazarda tutilgan ma’lumotlardan tashqari shartnomada ko‘rsatib o‘tilgan savol yoki muammoning mazmuni, ko‘rsatilgan savolga (muammoga) taalluqli normativ-huquqiy hujjatlarning ro‘yxati va vakolatli organlarning tushuntirishlari, shuningdek ko‘rsatib o‘tilgan savolning (muammoning) yechimi bo‘yicha tavsiyalar ko‘rsatiladi.

Agar mijozga (ishonch bildiruvchiga) xizmat ko‘rsatishda yozma ravishda tushuntirishlar taqdim etilgan bo‘lsa, hisobotda faqatgina tushuntirishlarning raqami va sanasi ko‘rsatilib, ularning nusxalari ilova qilinadi.

7. Mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ifoda etish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha hisobotda ushbu standartning 5-bandida nazarda tutilgan ma’lumotlardan tashqari soliq maslahatchisi tomonidan mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ifoda etishda davlat soliq xizmati organlarida, huquqni muhofaza qilish va boshqa nazorat qiluvchi organlarda, shuningdek sudda amalga oshirilgan harakatlar va erishilgan natijalar ko‘rsatiladi.

8. Shartnoma shartlariga muvofiq hisobot boshqa ma’lumotlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

 

III BOB. HISOBOTNI TUZISH VA MIJOZGA (ISHONCH BILDIRUVCHIGA) TAQDIM ETISH

9. Hisobotning har bir sahifasi soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatgan soliq maslahatchisi, soliq maslahatchilari tashkilotining rahbari tomonidan imzolanadi va mazkur tashkilotning muhri (mavjud bo‘lgan taqdirda) bilan tasdiqlanadi.

10. Hisobot mijozga (ishonch bildiruvchiga) shartnomada belgilangan muddatlarda shaxsan olib borib berish, pochtadan buyurtma xat orqali yoki elektron hujjat tarzida taqdim etiladi.

11. Mijoz (ishonch bildiruvchi) hisobotni shartnomada belgilangan muddatlarda olganidan so‘ng soliq maslahatchilari tashkilotini hisobotni mazmun jihatdan to‘liq ravishda qabul qilib olganligi to‘g‘risida yoxud ayrim masalalarga aniqlik kiritish lozimligi to‘g‘risida xabardor qiladi. Agar shartnomada hisobotni qabul qilish muddatlari ko‘rsatilmagan bo‘lsa, hisobot topshirilgan sanadan boshlab o‘n kun o‘tgach qabul qilingan hisoblanadi.

12. Hisobotdagi axborot mahfiydir va taraflar tomonidan oshkor qilinishi mumkin emas.

 

III-1 BOB. SOLIQ MASLAHATIGA OID XULOSA

12-1. Soliq maslahatiga oid xulosa (keyingi o‘rinlarda xulosa deb yuritiladi) - soliq maslahatiga doir shartnomada nazarda tutilgan xizmatlarni ko‘rsatgan soliq maslahatchisining fikrini o‘z ichiga olgan hujjat.

12-2. Xulosa erkin shaklda tuziladi va majburiy tartibda quyidagilarni o‘z ichiga olishi lozim:

- nomi - "Soliq maslahatiga oid xulosa";

- mijozning (ishonch bildiruvchining) manzili, nomi yoki F.I.Sh.;

- shartnomani bajarishda ishtirok etgan soliq maslahatchisi(lari) to‘g‘risida ma’lumotlar (F.I.Sh., soliq maslahatchisi sertifikatining raqami va berilgan sanasi).

12-3. Xulosada soliq maslahatchilari tashkilotining shartnoma predmeti bo‘yicha asoslangan fikri aniq bayon etilishi kerak.

 

III-2 BOB. XULOSANI TUZISH VA MIJOZGA (ISHONCH BILDIRUVCHIGA) TAQDIM ETISH

12-4. Xulosa soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatgan soliq maslahatchisi, soliq maslahatchilari tashkilotining rahbari tomonidan imzolanadi va mazkur tashkilotning muhri (mavjud bo‘lgan taqdirda) bilan tasdiqlanadi.

12-5. Xulosa mijozga (ishonch bildiruvchiga) shartnomada belgilangan muddatlarda shaxsan olib borib berish, pochtadan buyurtma xat orqali yoki elektron hujjat tarzida taqdim etiladi.

IV BOB. HISOBOT VA XULOSANING MAZMUNI UCHUN JAVOBGARLIK

13. Soliq maslahatchilari tashkiloti, o‘zining fikriga ko‘ra, huquqiy jihatdan xatarni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan hujjatlardan va ma’lumotlardan isbot sifatida foydalanmaslik huquqiga ega va bu haqda, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni ko‘rsatgan holda, mijozga (ishonch bildiruvchiga) xabar beradi.

14. Soliq maslahatchilari tashkiloti ko‘rsatilgan xizmat oqibatlari uchun javobgar bo‘lmaydi, agarda bunday oqibatlar mijoz (ishonch bildiruvchi) tomonidan noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim qilinishi natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa.

15. Soliq maslahatchilari tashkiloti mijozni (ishonch bildiruvchini) tuzilgan shartnomaga muvofiq soliq maslahati bo‘yicha xizmat ko‘rsatish davomida yuzaga keladigan barcha ahamiyatli bo‘lgan huquqiy jihatdan xatarlar to‘g‘risida ogohlantirishi shart.

16. Soliq maslahatchilari tashkiloti qonunchilik hujjatlari talablariga yoki shartnomaga mos kelmaydigan hisobot va xulosa tuzganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgardir.